Breaking News

Qrimdagi o’zbek faoli vaziyatni tasvirlab beradi


Qrimdan kelayotgan xabarlarga ko’ra, muxtoriyatdagi muhim obyektlar Rossiya harbiylari nazorati ostida. Ukraina hukumati Rossiyani bosqinchilikda ayblamoqda.
Qrimdagi o’zbek faoli vaziyatni tasvirlab beradi/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:39 0:00
Yuklab oling

Qrim parlamenti qamal qilinishi ortidan tuzilgan yangi hukumat ko’mak so’rab Rossiya prezidentiga murojaat qilgan. Qrimda vahima hukmron, urush boshlanmoqda degan xavotir daqiqa sayin oshib bormoqda.

Rossiyani agressiyada ayblab, kerak bo’lsa, qo’lga qurol olib kurashamiz deb hozirlanayotgan tatarlar orasida o’zbekistonliklar ham ko’p.

Qirim maqomi bo’yicha 25-mayga rejalangan referendum 30-mart kuniga ko’chirilmoqda.

Qrim tatarlari Milliy Majlisi qurolli qamal ortidan tuzilgan yangi hukumatni tan olmaydi, uni noqonuniy deb biladi. Milliy Majlis raisi, deputat Rufet Chubarov harbiylarni zudlik bilan Qrim ko’chalari va nazoratga olingan muhim obyektlarni tark etishga chaqirdi.

Qrimliklardan biri Simferopol ko’chalari mutlaqo Rossiya harbiylari tomonidan okkupatsiya qilinayotganini aytadi.

“Ko’chalarda Rossiyaning qurollangan minglab harbiylari turishibdi. Ular bosqinga tayyor, nima bo’ladi biz bilmaymiz, bolalarni olib chiqish kerakmi, yo’qmi. Ularda texnika ko’p, kecha BTR-larda kelishdi. Avval Rossiyaga tegishli ekanini oz bo’lsa ham yashirishgan bo’lsa, hozir hammasi ochiqchasiga”, - deydi bu ayol.

Qrimda harbiylar soni oshar ekan, Rossiya tarkibiga qo’shilishni istamayotgan qrimliklar mustaqil ravishda mudofaa choralarini ko’ra boshlagan. Milliy Majlis vaziyatning qurolli to’qnashuvga aylanishidan xavotirda. Rossiya “agressiyasiga” qarshi turishga hozirlanayotgan qrimliklar orasida o’zbeklar ham ko’p.

Shukur Ergashev 20 yillar avval Ukaraina fuqaroligini qabul qilgan, Simferopolda yashaydi. So’nggi beqarorlik ortidan Ukrainadagi o’zbeklar faoli sifatida mudofaa harakatiga qo’shilgan.

“Oxirgi voqealardan so’ng mahalliy darajadagi mudofaa guruhlarini tuzmasa, iloji yo’q. Militsiya o’zi bilan o’zi ovora. Kiyevdagi voqealardan keyin ularga nisbatan ishonch mutlaqo yo’qolgan. Hozir tatarlar, boshqa millat vakillari, xullas hamma mahalliy darajada mudofaa guruhlarini tuzishga kirishgan. O’zbeklar ham Qrimda juda ko’p, ularning hammasi Yevromaydon tarafdorlari”, - deydi Shukur Ergashev.

Uning aytishicha, Simferopolda nafaqat tatarlar va o’zbeklar, balki rus millatiga mansub ko’pchilik odamlar ham Qrimni Rossiya tarkibida ko’rishni istamaydi.

Viktor Yanukovich siyosatidan charchagan aholi Ukrainadagi o’zgarishlarni yoqlaydi. Ammo Rossiya ko’magiga suyanib faoliyat qilayotgan guruhlar provokatsiya ishlarini yuritish bilan band, deydi Ergashev.

“Qrimda tatarlar, hatto ruslar, boshqa millat vakillaridan ham hech kim Rossiyaga qo’shilamiz deb to’polon qilyotgani yo’q. Hozir urushni faqat Rossiya boshlashi mumkin. 300-400 kishidan iborat kichik guruhlar o’z manfaatidan kelib chiqib, Rossiya bayrog’ini ko’tarib to’polon chiqarishdi. Ammo ko’pchilik uni quvvatlagani yo’q edi. Ular asosan Yanukovich komandasidan qolib ketgan odamlar. O’z o’rinlaridan ayrilishdan qo’rqib, hozir turli tashviqotlarni boshlab yuborishgan vaziyatni izdan chiqarish uchun”.

Qirimliklar Simferopol shahri ham Rossiya harbiylari nazoratiga o’tganini ta’kidlashmoqda. Muxtor respublikada Rossiya harbiylari ishtirokiga qarshi turgan asosiy kuch sifatida bir paytlar Moskva qatag’oni tufayli o’z vatani Qrimdan badarg’a qilingan qrim tatarlari turishibdi.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG