Qrim Rossiyaga qo'shilish istagini bildirdi. AQSh rossiyalik mulozimlarni jazoladi

  • Amerika Ovozi

Qrimliklar referendum natijalarini qutlamoqda, Lenin maydoni, Simferopol, 16-mart, 2014-yil

Qrimliklar referendum natijalarini qutlamoqda, Lenin maydoni, Simferopol, 16-mart, 2014-yil

Kecha Qrim Avtonom Respublikasida o’tgan referendumda yarimorol aholisi Rossiyaga qo’shilish istagini bildirgan. Rasmiy natijalarga ko’ra, referendumda saylovchilarning 83 foizi qatnashgan va shulardan salkam 96 foizi Ukrainadan chiqish uchun ovoz bergan.

Qrim parlamenti mustaqillik e’lon qilib, bundan keyin hududda Ukraina qonunlari amal qilmasligini bildirdi.

Referendumni tan olishdan bosh tortgan Kiyevdagi muvaqqat hukumat qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgan.

Qo’shma Shtatlar va Yevropa referendum bekor qilinmasa, Rossiyaga sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirgan edi. Bugun Rossiyaning 11 rasmiysiga AQShda tegishli mulk va hisob raqamlari muzlatildi. Yevropa Ittifoqi 21 rasmiyni shu tariqa jazolashga qaror qilgan.

Kecha AQSh prezidenti Barak Obama Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan kecha telefon orqali gaplashib, jazo choralari haqida yana bir bor ogohlantirgan.

Oq uy referendumni Ukraina konstitutsiyasiga zid deb, uni tan olishdan bosh tortdi.

Qrim rahbari Sergey Aksyonovning aytishicha, Rossiya Federatsiyasiga rasman qo’shilish haqida ariza yo’llangan.

Ukraina muvaqqat bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk referendumni tomosha deb atadi.

Kecha AQSh davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Londonda uchrashib, Ukrainadagi siyosiy tanazzulni hal etish xususida fikr almashdi. Tomonlar konstitutsion islohot zarurati va sharqiy viloyatlarga kengroq vakolat berish kerak degan fikrda. Biroq Ukraina muvaqqat hukumati bu rejani rad etgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG