Qrim-tatarlar Rossiya zug'umlaridan shikoyat qilmoqda

  • Amerika Ovozi

Rossiya Ukrainaga qarashli Qrimni o'z hududiga qo'shib olgandan beri qrim-tatarlar taqdiri yuzasidan xavotirlar oshmoqda. Bu elat yetakchilarining aytishicha, yangi rus hokimiyatini tan olmagani uchun Moskva ularga zug'umni kuchaytirmoqda.

Qrim-tatarlar yangi hukumatdan shikoyat qilmoqda. So'nggi paytda niqoblangan xavfsizlik xodimlari Majlis binosida hamda ko'plab shaxsiy uylarda tintuv o'tkazgan.

Yevropa kengashining Inson huquqlari bo'yicha komissari Nils Muiznieks yaqinda mintaqaga tashrif buyurdi.

"Reydlardan maqsad qurol yoki ekstremistik adabiyot qidirish ekani aytilyapti. Qrim-tatarlar tarixda zo'ravonlik yoki ekstremizmga qo'l urmagan. Reydlarni o'tkazishga asos yo'q va ular to'xtatilishi kerak", - deydi Muiznieks.

Qrimda nafaqat noqonuniy reydlar, balki odamlarning g'oyib bo'lishi hollari ham ko'paygan. Hudud Rossiyaga qo'shib olingandan beri 15 dan ortiq tatar faoli yo'qolgan, deydi qrim-tatarlar yetakchisi Mustafo Jemilev.

"Hukumat idoralari yo'qolganlarning qayerdaligini bilmaymiz, demoqda. Aslida, ularni topishning imkoni yo'q endi", - deydi u.

Yo'qolganlardan biri Edem Asanovning yaqinda jasadi topildi. Jemilev voqea ortida siyosiy sabablar turganini aytadi.

"Ularning maqsadi ikkita: Avvalo, faol qrim-tatarlarni yo'qotish. Eng muhimi esa, odamlar yuragiga hukumat qo'rquvini solish. Ya'ni, ular o'z huquqlarini ortiq talab qilmasligi uchun", - deydi qrim-tatarlar yetakchisi.

Mintaqaning oz sonli musulmon elati hisoblanuvchi tatarlar Qrimning Rossiyaga qo'shilishini keskin qarshilik bilan kutib oldi. Sovetlar davrida ommaviy qatag'onga uchragan xalq Kreml siyosatiga shubha bilan qaraydi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin qrim-tatarlarning boy berilgan huquqlarini tiklashga va'da bergan. Ammo faollar bu so'zlarning norozilikni kamaytirishga qaratilgan quruq va'dalar ekanini aytadi.

Qrim Rossiyaga qo'shilgandan beri minglab tatarlar Ukrainaga ko'chib o'tgan. Ular sovetlar davridan keyingi taqdirlarini ukrainlar bilan baham ko'rishni xohlaydi. Qrim-tatarlar, ayni paytda, Rossiyaga nisbatan xalqaro jazo choralarining kuchaytirilishini hamda tazyiqlarning to'xtatilishini talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG