Ukrainada Qrim tatarlari o’z haq-huquqini talab qilayapti


Aslan Umar Qrimli

Aslan Umar Qrimli

Stalin davrida sho‘rolar yurtining to’rt tomoniga surgun qilingan Qrim tatarlari hozir Ukrainada siyosiy haq-huquqlari uchun kurashmoqda. Lekin so’nggi paytda Qrim Muxtor Respublikasi va Qrim tatar Milliy Majlisi o’rtasida ziddiyat kuchaygan. Kiyevdagi Qrim jamiyati rahbari Aslan Umar Qrimli buning sababini sharhlaydi.

Sovet imperiyasi qatag’oniga tushgan Qrim tatarlari uchun o’z vatanlarida milliy haq-huquqlarini tiklash oson kechayotgani yo’q.
Kommunistlar rejimi qulashi ortidan tarixiy vataniga (Ukraina janubi, Qrim yarimoroliga) qayta boshlagan elat bugun Ukrainadagi faol siyosiy kuchlardan biri.
Qrim Muxtor Respublikasi (Ukraina tarkibidagi avtonom respublika) va Milliy Majlis (Qrim tatarlari tuzgan parlament – hukumat nazarida nolegal parlament) o’rtasidgi so’nggi ziddiyatlar jamoadagi uyushqoqlik, siyosiy faollikni bo’g’ishga qaratilgani ta’kidlanadi.

Tatar faollaridan, Kiyevdagi “Qrim jamiyati” rahbari Aslan Umar Qrimli:

“Afsuski, hukumat Qrim tatarlariga nisbatan tahdid va bosim yo’llarini tanlamoqda“.

Qrim hukumati Milliy Majlis faollarini boshqaruvdagi lavozimlardan ozod qila boshlagan. Milliy Majlis deportatsiya kuni (Qrim tatarlari Qrimdan ko’chirilgan sana) munosabati bilan rejalangan tadbirlardan ham chetlatilgan. Mahalliy hukumat Qrim tatarlari ittifoqiga nifoq solishning turli usullarini qo’llayotgani aytiladi.

“Xalqimiz totalitar rejimlar bilan kurashda tajribaga ega, hokimiyat ko’rsatayotgan bosimlar biz uchun yangilik emas, bu usullar sovet davrida ham qo’llab kelingan. Qrim jamoatchiligini ishdan chiqarishga bo’lgan ayni paytdagi urunishlar amaldagi prezidentning saylovoldi dasturlari bilan bog’liq. Majlisga nisbatan bosim va tahdidlar, aksincha, unga bo’lgan ehtiyojni yanada kuchaytiradi. Afsuski, prezidentning Qrimdagi vakillari xalqimizga nisbatan shovinistik munosabatni tanlashmoqda“, - deydi Aslan Umar Qrimli.

Ukraina bugun ikki qarama qarshi tomonga bo’lingan. Bir taraf Ukrainaning Yevropa bilan hamkorligini qo’llayotgan bo’lsa, ikkinchisi Rossiyaga yaqinlashuvni tanlaganlar. O’tgan saylovlar natijasida Rossiya bilan yaqin hamkorlikka tayanuvchi Viktor Yanukovich yetakchiligidagi Regionlar partiyasi boshqaruvga keldi. Navbatdagi saylovlar 2015-yilda kutilmoqda.

Saylov kampaniyasida Qrimning o’rni muhim. Amaldagi hukumat Qrim tatarlaridagi shu faollikdan cho’chiyotgani ta’kidlanadi. Milliy Majlisga Qrimdagi shovinistlar orqali bosim o’tkazishga ham urunilgan. Yaqinda Qrim tatarilarga tegishli qurilishlarda uyushtrilgan yong’inda rus millatchilari qo’li borligi taxmin qilinadi.

Aslan Umar Qrimlining aytishicha:

“18-may Qrim tatarlari o’z tarixiy vatanlaridan deportatsiya qilingan kun hisoblanadi. Muxtor respublika hokimiyatining bu tadbirga aralashishi, Milliy Majlisni turli jamoatchilik tashkilotlari bilan qarama-qarshi qo’yishga urinishi vaziyatni izdan chiqarishi mumkin. Xullas, yaqin kunlarda bu qarama-qarshiliklarga nuqta qo’yuvchi voqealar bo’lib o’tishi kerak. Har holda hozirgi vaziyatga ko’ra markaz nazoratidagi mahalliy hukumat muloqot uchun hech narsa qilayotgani yo’q. Aksincha, ziddiyatlar yana chuqurlashib bormoqda”, - deydi Qrimli.

Muxtor Respublika rahbari Anatoliy Mogilev Qrim tatarlari har yili 18-mayda deportatsiya qurbonlariga bag’ishlab o’tkazadigan xotira kunini taqiqlashga urunishda ayblanmoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG