Qrimdagi Bog‘chasaroy hokimi Ilmi Umerov bilan suhbat


Bog'chasaroy, Qrim

Bog'chasaroy, Qrim

Qrimda 16-martga belgilangan referendum uchun tayyorgarliklar davom etmoqda. Rasmiy Kiyev va mahalliy tatarlar noroziligiga qaramay, Qrim Muxtor Respublikasi hukumatiga ko’ra, referendum o‘tkaziladi. Biroq Qrim Milliy Majlisi faoli, Bog‘chasaroy tumani hokimi Ilmi Umerovning aytishicha, jarayon o‘lkaning Ukrainadan chiqishiga asos bo‘lolmaydi.


Umerov qrim tatarlari zich yashaydigan hududlardan biri Bog’chasaroy rayonida hokim. Bu yerliklar ham 16-mart kuni kutilayotgan referendumni boykot bilan qarshi olishmoqchi.

“Qrimdagi oxir vaziyat juda og’ir, 50 mingga yaqin rus harbiylari kiritilgan. Qrim tatarlari aholining 13 foizdan oshig’ini tashkil etadi. Biz Qrimni Ukraina tarkibida bo’lishi tarafdorimiz. Hozirgi kutilayotgan referendum mutlaqo noqonuniy. O’zbek tilida gapirmaganimga ancha yil bo’ldi, uzr” , - deydi “Amerika ovozi” bilan suhbatda Ilmi Umerov.

Kiyevda o’tgan Qrim bosqiniga oid brifingda chiqish qilgan Ilmi Umerov so’nggi vaziyatni tahlikali baholaydi. Qrim mojarosi xalqaro muzokaralardagi asosiy mavzu bo’lib qolayotganiga qaramasdan, hozircha Rossiya bosqinini to’xtatish mumkinligiga ishonch past.

“Putinni to’xtatish real narsaga o’xshamaydi, ammo aytib o’tganimdek, xuddi shunday bosqinga yuz tutgan Osetiya, Janubiy Abxaziya tajribasi yuridik jihatdan bu davlatlar hamon boshqa davlatga o’tkazilmagan. Qrim bilan ham shunday vaziyat bo’lishi mumkin. Chunki referendum uning natijalari qanday bo’lishidan qat’iy nazar, hech qanday qonuniy kuchga ega emas. Faqat turli favqulodda holatlar kuchayishi mumkin”, - deydi Ilmi Umerov.

Referendum kuni yaqinlashgan sayin qrim tatarlariga nisbatan bosim ham ortgan. Qrim tatarlariga tegishli bir mehmonxona yoqib yuborilgani, ayrim joylarda odamlardan Ukraina fuqaroligi pasporti olib qo’yilayotgani haqida xabarlar bor.

“Majlis faollaridan bo’lgan tadbirkorga tegishli mehmonxona yoqib yuborilgani qasddan qilinganga o’xshaydi. Ukraina pasportlari olib qo’yilayotgani haqidagi xabarlar haqida shuni aytishim mumkinki, qrim tatarlari zich yashaydigan hududlarda bu narsa bo’lishi mumkin emas. Milliy Majlis bunday holatlarda chora ko’rish qudratiga ega”, - deydi Umerov.

Milliy Majlis rahbari Rifat Chubarov AQSh prezidenti Barak Obamaga murojaatida Qrimda etnik to’qnashuvlar boshlanib ketishidan jiddiy xavotir bildirdi. Qrim Rossiya harbiylari nazoratida qolayotgan bir sharoitda bu bosqinga qarshi asosiy kuch sifatida qrim tatarlari ko’rilayotgani ular taqdirini yanada xavotirli qiladi. Bunday holatlarda Ukraina hukumati qrimliklarga qanday yordan ko’rsatishi mumkin?

“Bu borada bir narsa deyish qiyin. To’g’risini aytish kerak, hozir Qrimda aksil-tatar qarashdagi, shovinistik kayfiyat kuchaygan. Etnik to’qnashuvlar xavotiri bor. Ukrainada hukumat esa endi shakllandi, bundan tashqari mamlakat prezident saylovlari arafasida turibdi. Yirik siyosiy kuchlar asosiy e’tiborni prezidentlik saylov kampaniyasiga qaratishadi. Qaysidir ma’noda Qrimdagi vaziyat ikkinchi planga ko’chishi ham mumkin. Ammo Qrim maqomi bilan bog’liq vaziyat uzoqqa cho’ziladi, buni qisqa vaqtda hal qilish qiyin. Referendum buning uchun hech qanday asos bermaydi”, - deydi Ilmi Umerov.

Qrim tatarlari Milliy Majlisi Qrimga Rossiya harbiylari kiritilishi ortidan tuzilgan Qrim hukumatini tan olmaydi. Referendum o’tkazish qarori ham tatarlar tomonidan boykot qilingan.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG