Ukrainada Qrim-tatarlar Rossiyaga qarshi norozilik namoyishi o'tkazdi


Qrim-tatar faollar Kiyevda Rossiya elchxonasi qarshisida norozilik aksiyasi o'tkazdi. Milliy Majlis yetakchilari Mustafo Jemilev va Rufat Chubarov ishtirokidagi namoyishda Rossiya hukumatidan tazyiqlarni to'xtatish, siyosiy mahbuslarni ozod etish talab qilindi.

Ayrimlar Qrimda so'z erkinligi bo'g'ilayotgani, inson huquqlarining toptalishi, erkin fikr uchun ta'qiblar oshayotgani ifodasi sifatida yuzlarini berkitib turishdi.

Qrim-tatarlar lideri Mustafo Jemilev ona yurtida vaziyat tobora og'irlashib borayotganini ta'kidlar ekan, BMTni vaziyat yuzasidan monitoring o'tkazib, xalqaro hamjamiyatni Qrim masalasiga befarq bo'lmaslikka chaqirdi.

Qrim-tatarlarni “Maydon” inqilobi ishtirokchilari ham qo'llab turishdi. Putindan bosqinchilikni to'xtatish, Qrimni o'z holiga qo'yish talab qilindi.
Bir oy avval Milliy Majlis tashabbusi bilan “Qrim blokadasi” boshlangan edi.

Yarimorolni Ukraina orqali quruqlik bilan bog'lab turgan yo'llarni to'sish, oziq-ovqat mahsulotlarini o'tkazmaslikni maqsad qilgan bu tashabbus ortidan qrim tatarlariga nisbatan tazyiqlar yanada kuchaygan.

Blokada tashkilotchilaridan biri tadbirkor Lenur Islomovga tegishli mulklar taftish qilingan, uning oila a'zolari so'roqqa tutilgan.

Aksiya ishtirokchilari Ukraina hukumatiga nisbatan ham o'z e'tirozlarini bildirishdi. Rasmiy Kiyev Qrim qaytarilishi, bosqindan ozod qilinishi uchun keskin amaliy qadamlar boshlashi kerak, dedi ular.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG