Breaking News

Yevropa Kengashi rasmiysi: Qrim-tatarlar hayoti og'irlashmoqda


Yevropa Kengashining inson huquqlari bo'yicha komissari Ukrainadagi qrim-tatarlar haq-huquqlari kundan kunga yomonlashib borayotganidan tashvish bildirdi.

Fransiyaning Strasburg shahrida Yevropa Kengashi Parlament assambleyasiga hisobot bergan Nils Muiznieksning aytishicha, Ukrainaning isyonchilar nazoratidagi hududlarida "terror hukm surmoqda". Qrim-tatarlari va boshqa ozchilik elatlar haq-huquqlari poymol etilmoqda; matbuot erkinligi keskin cheklangan, deydi u.

"Men fojeaviy tarixga ega qrim-tatarlar taqdiridan, ayniqsa, juda tashvishdaman, - dedi Muiznieks. - Ularning xavfsizligini kuchaytirishga katta ehtiyoj bor. Ularning diniy dargohlarida, maktablarida, tatarlarga tegishli bizneslarda, jamoat kengashi binosida va xususiy uylarda qurollangan va niqobli shaxslar tintuvlar o'tkazmoqda".

Ular qurol yoki ekstremist adabiyot qidirayotganlarini da'vo qiladi; vaholanki, qrim-tatarlar tarixida bunday zo'ravonliklar uchramagan, deydi Yevropa Kengashi rasmiysi.

Muiznieksga ko'ra, qish kelishi bilan o'z uyini tashlab ketgan odamlarning ahvoli yanada og'irlashishi mumkin.

BMTning qochoqlar ishi bilan shug'ullanuvchi idorasi ma'lumotiga ko'ra, 2014-yilning 30-sentabrigacha 368 ming ukrainalik uyini tashlab ketgan. Ularning 350 mingi sharqiy Ukrainadan, 18 mingi esa Qrimdan ekani ma'lum.

Kiyevdagi Ukraina inqirozi matbuot markazida o'tgan anjumanda qatnashgan Qrim-tatarlar majlisi raisi Rifat Chubarovning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Rossiyaga shart qo'yishda hamda yangi sanksiyalar joriy etishda qrim-tatarlar mavzusini alohida masala sifatida ko'tarishi kerak.

Tatarlar yetakchisiga ko'ra, og'ir sharoitlarda kun ko'rayotgan qrim-tatarlar boshqalar kabi teng huquqlarga ega bo'lib, farovon hayot kechirishga hamda o'z din va madaniyatlarini saqlab qolishga haqli.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG