Qrimdan ketgan tatarlar yarimorolni qaytarishga umid qilmoqda

  • Amerika Ovozi

16-mart kuni Qrimning Rossiyaga qo’shilganiga ikki yil to’ladi. Ayrim xabarlarga ko’ra, Qrim-tatarlar bosim ostida, yarimorolni tark etishga majbur. “Amerika Ovozi” Ukraina tarafidagi Chongar yarimorolida bo’lib, mahalliy tatarlar bilan gaplashdi.

Azima Umarova 1944-yil deportatsiyasini eslaydi.

“Odamlar avtomatlar bilan kelishdi. Men o’shanda kichkina edim, ammo haligacha esimda. Eng zarur narsalarimizni olishni buyurib, 15 daqiqa berishgan edi. Nima sababdan ko’chirishyapti, qayerga, hech kim bilmasdi. Hammaning ko’zida yosh edi”, - deydi u.

Azima Ukraina tarafidagi Chongar yarimorolida qandolatlar tayyorlaydi. Rossiya Qrimni olib qo’ydi, deydi u.

“Qush bo’lganimda edi, Kreml tomon uchib, uni so’nggi g’ishtigacha vayron qilardim”, - deydi u.

“Har bir millatning vatani bo’ladi, Qrim bizning vatanimiz. Bo’layotgan voqealardan juda xafamiz”, - deydi uning turmush o’rtog’i Rustam.

Mahalliy masjidga qatnaydigan tatarlar Ukraina rahbarlarining harakatsizligidan g’azabda.

“Qrim muammosini bir soniyaga tilga olishadi, xolos. Xuddiki, u yerda muammo yo’qday, hamma narsa ajoyibday, taqdirga tan berganimizday”, - deydi masjid imomi.

Ukraina qurolli kuchlari sharqdagi urush bilan ovora. Ukraina tarafidagi tatarlar esa Turkiya va boshqa musulmon davlatlar yordamida batalyon tuzib, Qrimni Rossiyadan qaytarib olishini da’vo qilmoqda.

“Hamma narsaga tayyormiz. Maqsadlarimizga erishish oson emas. Buning uchun jonimni fido qilishga tayyorman”, - deydi No’mon Chalabijahon nomidagi batalyonning Haydar ismli a’zosi.

100 kishilik batalyon tarkibida ukrainlar, chechenlar, afg’onlar va boshqa millat vakillari ham bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG