Qrim-tatarlar quvg'inga uchragan kunni xotirladi


Ukrainada qrim-tatarlar deportatsiya qilingan kunni xotirlayapti.

  • 1944-yilning 18-may kuni Iosif Stalin buyrug'iga ko'ra ular natsistlarga xizmat qilganlikda ayblanib qatag'on qilingan.
  • Vagonlarga joylanib Markaziy Osiyoga, aksariyati O'zbekistonning cho'lli hududlariga jo'natilgan.
  • Surgunning dastlabki yillarida sovet hukumati tazyiqlari natijasida tatarlarning 50 foizga yaqini qurbon bo'lgan deb hisoblanadi.
  • Ukraina parlamenti bu deportatsiyani qrim-tatar xalqiga nisbatan genotsid deb topgan.

O'sha mash'um sanani yodga olib, xalq Kiyevda tilovat qildi, chiroqlar yoqdi.

Marosimda Rossiya ekstremist tashkilot deya topgan Milliy Majlis rahbari, Majlis faollari, Ukraina parlamenti va jamoatchiligi vakillari qatnashdi.

Majlis raisi Refat Chubarov yig'ilganlarga yarim yildirki hibsda qolayotgan faol, uning o'rinbosari Ahmet Chiyg'ozning maktubini o'qib berdi:

"Ahmad Chiyg'oz qrim-tatarlar huquqini himoya qilgani uchun bugun tutqinda. U bilan birga yana 18 kishi qamoqda ushlab turilibdi", - dedi Chubarov.

18-may kuni Ukraina milliy teatrida ham xotira marosimi o'tib, tadbirda Prezident Petro Poroshenko qatnashdi.

Rossiya bosqini ostida qolayotgan Qrim ozod etilishiga ishonch bildirgan prezident kech bo'lsa-da, mamlakat konstitusiyasiga o'zgartirishlar kiritaylik, deydi.

U, xususan, Ukraina tarkibidagi Qrim muxtor respublikasi maqomini qrim-tatar milliy muxtor respublikasiga o'zgartirish tashabbusini ilgari surdi.

Milliy Majlis a'zosi Iskandar Bariyev Rossiya ishg'oliga qaramasdan tatarlar o'z vatanlarini ozod qilish qarorida qat'iy ekanini aytdi. Uningcha, konstitusiyaga Qrim maqomi haqida kirishi kutilayotgan tuzatishlar tatar xalqi uchun muhim.

"Bugun biz uchun xotira kuni, deportatsiya qurbonlarini yod etayapmiz, vatanimiz Qrim ishg'ol etilgan. Bu ishg'ol tatarlarning o'z vatanlarini ozod etish kurashini to'xtata olmaydi", - dedi Bariyev.

Xotira marosimida ayni paytda Qrimda hibsda qolayotgan faollar suratlarini ko'rish mumkin edi. Ular tatarlarga nisbatan boshlangan repressiya to'lqinining dastlabki qurbonlari sifatida ko'riladi.

Ma'lumotlarga ko'ra, Rossiya xavfsizlik kuchlarining, mahalliy hukumatning ogohlantirishlariga qaramasdan, 18-may Qrimda, jumladan, Bog'chasaroy tumanida ham xotirlangan.

Bu marosim ortidan Milliy Majlis raisining Qrimdagi yana bir o'rinbosari Ilmi Umerov so'roqqa chaqirilgan, unga nisbatan ham jinoiy ish ochilishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Kiyevdagi marosimdan suratlar:

Hibsdagi tatar faollari

Hibsdagi tatar faollari

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG