Abdurasul Xudoynazarov - adolatsiz qamoq va qiynoq qurboni


Abdurasul Xudoynazarov Toshkentda rafiqasi Gulchehra Turonova va "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova bilan. Qamoqdan chiqqach olingan surat.

Abdurasul Xudoynazarov Toshkentda rafiqasi Gulchehra Turonova va "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova bilan. Qamoqdan chiqqach olingan surat.

Huquq himoyachisi Abdurasul Xudoynazarov nazarida uning ozod etilishi amnistiyaga ham, xalqaro bosimlarga ham bog’liq bo'lmagan. Huquq faoli 26-iyun kuni og'ir xastaliklardan vafot etdi.

2006-yili tovlamachilik, firibgarlik va hujjatlarni soxtalashtirishda ayblanib 9 yil 6 oyga turmaga tashlangan faol jazo muddatining salkam to’qqiz yilini o’tab bo’lgan edi. 30-may kuni og’ir xasta Xudoynazarov qamoqdan chiqarildi.

58 yoshli huquq himoyachisi nazarida uning ozod etilishi amnistiyaga ham, xalqaro bosimlarga ham bog’liq bo'lmagan. Huquq faoli 26-iyun kuni og'ir xastalikdan vafot etdi.

Bir necha kun oldin "Amerika Ovozi" bilan suhbatda Abdurasul Xudoynazarov shunday degan edi:

“Bu biror muruvvatga ham, xalqaro bosimlarga ham bog’liq emas. O’zbekiston jinoyat kodeksining 76-moddasi bor. Unda agar mahbus salomatligi bois jazoni o’tay olmaydigan holatda bo’lsa, ozod qilinishi kerak. Meni shu moddaga ko’ra ozod qilishdi, qamoqxonada o’lib qolishim mumkinligidan qo’rqishdi”.

Qamoq va u yerda chekilgan azoblar, xususan, qiynoqlar bu insonning salomatligini butunlay izdan chiqargan. Bir necha xastaliklar, jumladan, saraton va sil hamda adenomaga yo'liqqan.

“Men bu kasalliklarning hammasini Navoiydagi qamoqxonada orttirdim. Oldin hech qachon kasal bo’lmaganman. Shifoxonada ham yotmaganman. Biroz bronxitim bor edi, lekin bunaqa og’ir kasalliklar -- sil ham, rak ham bo’lmagan. Hozir ahvolim og’ir, davolanayapman, qarz olib dori-darmon olayapman, hech kim menga yordam berayotgani yo’q hech qanaqa. Hozir yana hojat chiqarolmay qoldim, shifoxonaga borib kelayapman”, - degan edi Xudoynazarov.

Jazoning sakkiz yildan oshig’ini Bekoboddagi qamoqxonada o’tagan huquq himoyachisi so’nggi muddat Navoiydagi yopiq rejimli qamoqqa ko’chirilgan edi. Mahbus qamoqxona ichki tartibini buzganlikda ayblangan. Shu bois unga nisbatan amnistiya qo’llanmagan.

Navoiydagi yopiq rejimda Xudoynazarovning sog’lig’i keskin yomonlashgan. Qamoqxonadagi tibbiy tekshiruvda unda saraton kasalligi aniqlangan. Toshkentdagi “Sangorod”ga ko’chrilgan Xudoynazarov ishi ustidan tibbiy komissiya tuzilgan. Komissiya u qamoqda qolishga yaramay qoldi, deya xulosa chiqargan.

Salkam to’qqiz yil turmada o’tirib, umidsiz va nogiron holatda chiqqan Abdurasul Xudoynazarov umrining oxirgi daqiqasigacha uning yagona aybi inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullangani ekanligini aytdi.

"Human Rights Watch" (HRW) inson huquqlari tashkiloti shu munosabat bilan tarqatgan bayonotida Xudoynazarovning qamoqdagi huquqlari buzilishi, unga nisbatan bosim va qiynoqlar yuzasidan taftish o’tkazishga chaqiradi. Kasal mahbus ozodlikka chiqarilgani ijobiy hol ammo unga yillar davomida yetkazilgan zarar, adolatsiz sudlov va adolatsiz hukm uchun tegishli organlar javobgarlikka tutilishi kerak, deya bildiradi HRW. Bu tashkilot nazarida Abdurasul Xudoynazarov soxta ayblovlar bilan panjara ortiga tashlangan. Aybi, uning o'zi aytganidek, huquqbuzarlik hollarini ko'tarib chiqayotgani, yurtdoshlari manfaati uchun ochiq gapirayotgani va tuzumni tanqid ostiga olgani bo'lgan.

Xudoynazarov O'zbekiston inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati faoli edi. Safdoshlar nigohida marhum adolatsizlik qurbonidir, qiynoqlardan jabr ko'rib, hayotining oxirgi 25 kunini ozodlikda o'tkazishga ruxsat berilgan bebaho inson.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG