Texnologiya rivojlanar ekan, dalada mehnat qilishga tayyor amerikaliklarni topish qiyin

  • Amerika Ovozi

Texnologiya rivojlanar ekan, dalada mehnat qilishga tayyor amerikaliklarni topish qiyin

Texnologiya rivojlanar ekan, dalada mehnat qilishga tayyor amerikaliklarni topish qiyin

Tennisi shtatining tog’li hududlarida bu yil hosil yomon emas. Fermerlarning ko’ngli to’q. Mirishkorlardan biri Adriana Gibson polizdan oxirgi qovunlarini yig’ar ekan, yuzida tabassum.

Gibson oddiy fermer emas. U maxsus bir dasturda qatnashadi. Fermer ekishdan avval mijozlaridan pul oladi. Oldindan kelishilgan shartnomaga binoan xaridor har hafta so’ragan sabzavot va meva bilan ta’minlanadi.

“Bizda shunday xaridorlardan 23 ta bor. Men ularga may oyidan oktabr oyigacha har hafta mahsulot yuboraman”, - deydi Gibson.

Fermerning bu dasturga qo’shilganiga yetti yil bo’ldi. Bu yilgi xaridorlar orasida qiziqish shu qadar katta bo’ldiki, ular hatto hasharga ham kelishdi. Sabzavot va mevani o’zlari terishdi. Toza mahsulot taklif qilsangiz, kelaverishadi, deydi Adriana Gibson.

“Bu insonlar e’tibori va yordamidan mamnunman albatta. Ular mana dala ishi qanchalik og’ir ekanini ko’rayapti. Hasharchilar kelsa, ish ham tez bitadi. Vaqt tejayman. Qisqa vaqtda ko’p narsa ulguraman”.

Adriana Gibson hasharchi-xaridorlariga bepul tushlik taklif qiladi. Tabiiyki, ular yeydigan ovqat mana shu xo’jalikda yetishtirilgan mahsulotlardan tayyorlangan. Meva-sabzavotni sotish uchun zo’r reklama.

Lezli Kolliyer hasharlarni uyushtiradi.

“Men tabiiy mahsulotni afzal ko’raman. Sog’lom hayot tarafdoriman. Yeydigan ovqatim qayerda qay tarzda yetishtirilgani men uchun qiziq”,- deydi Kolliyer.

Kolliyer kabi tabiiy mahsulot shaydolari, hasharchilar Amerika bo’ylab ko’payib bormoqda. Ular 20-30 yoshlar orasidagi yigit - qizlardan tashkil topgan bo’lib, ijtimoiy foydali mehnatni targ’ib qiladi.

“Oldingizda turgan sabzavot yoki meva qayerdan kelgani haqida hech o’ylab ko’rganmisiz ? Uning ortida qancha mehnat, mashaqqat borligini bilsangiz, hech narsani isrof qilmaysiz. Dalada mehnat qilgan odam sog’lom bo’ladi”, - deydi u.

Hasharchilar safi kengayar ekan, Adriana Gibson singari fermerlar ilhomlanib, yangi g’oyalar bilan chiqmoqda. Fermerlar g’ayrati oshmoqda.

“O’zim yolg’iz bo’lganimda bu ishni ikki kunda bajarar edim. Hasharchilar yordamida shu ikki kunni tejadik. Endi bemalol boshqa dehqonga yordam bersak bo’ladi”.

Hasharchi Lezli Kolliyer fermaga kelganidan xursand. Barra sabzavotlar, yangi do’stlar va mehnat. Yana nima kerak, deya so’raydi u.

Hasharchilar bir-biri bilan internetda aloqa qiladi, ma’lumot almashadi. Ko’rgan bilganini internetga qo’yib, boshqalarni ham dalaga chorlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG