Kuba qamog'ida saqlanayotgan amerikalik taqdiri yuzasidan xavotirlar

  • Amerika Ovozi

Kubada 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan AQSh fuqarosi Alan Gros

Kubada 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan AQSh fuqarosi Alan Gros

AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining Kongressga bildirishicha, Kuba hibsxonasida saqlanayotgan amerikalik Alan Gross nohaq qamoqda o’tiribdi va unga nisbatan noinsoniy munosabatda bo'lishayotgani ma'lum.

Grossni ozod qilish uchun zarur choralar ko’rilmoqda, deydi Kerri.

Alan Gross 2009-yil Kuba hududida noqonuniy ravishda kommunikatsiya texnologiyalarini tarqatayotganlikda ayblanib, 15 yilga qamalgan edi.

Avvalroq senatorlar oldida so’zlagan Xalqaro taraqqiyot bo’yicha AQSh agentligi (USAID) rasmiysi Rajiv Shah Grossning hibsga olinishida aybni to’liq Kuba zimmasiga yukladi.

Gross USAID loyihasi bo’yicha Gavanada ishlayotgan paytida hibsga olingan. U o’zining asossiz qamoqqa tashlangani yuzasidan Gavana va Vashingtondagi hukumatlar hech bir ish qilmayotganiga e’tiroz sifatida ochlik e’lon qilgan.

Gross, shuningdek, AQSh prezidenti Barak Obamaga shaxsan aralashishini so’rab murojaat qilgan.

Yaqinda USAID tomonidan “Kuba tvitteri” deya atalayotgan ijtimoiy tarmoqning Kubada maxfiy tarqatilgani haqida xabarlar paydo bo’lgach, Grossni ozod qilish yo’lidagi sa’y-harakatlar yanada qiyinlashishi kutilmoqda.

“Associated Press” axborot agentligi tarqatgan xabarga ko’ra, USAID granti asosida ishlagan “ZunZuneo” (Tvitterning ispancha nomi) dasturi orqali internetga qo’yilgan cheklovlarni aylanib o’tib, odamlarga qisqa xabarlar yo’llash va shu tariqa ularni siyosiy namoyishlarga chorlash ko’zda tutilgan.

Vashington “Kuba tvitteri” deya atalayotgan ijtimoiy tarmoq taraqqiyot dasturi sifatida AQSh hukumati tomonidan moliyalanganini tan olgan, ammo undan Kuba rejimiga qarshi foydalanish maqsad qilinmaganini aytgan.

Kuba hukumati ijtimoiy tarmoq haqida o’z munosabatini bildirgani yo’q. USAIDning “Associated Press” axborot agentligiga aytishicha, hukumat granti tamom bo’lganidan so’ng “ZunZuneo” 2012-yilning sentabrida o’z faoliyatini to’xtatgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG