Kubada demokratiya uchun kurashayotganlar

  • Amerika Ovozi

"Oq kiyimdagi ayollar" muxolifat guruhining poytaxt Gavanadagi norozilik tadbiri. 2012-yil mart.

"Oq kiyimdagi ayollar" muxolifat guruhining poytaxt Gavanadagi norozilik tadbiri. 2012-yil mart.

Yaqinda Rim papasi Kubaga bordi. O’zini “Inqilob oroli” deb ataydigan bu davlat rahbariyati muxolifat ovozini o’chirish maqsadida tanqidchilarni siquvga olgan, qamagan, ular doimiy bosim ostida.” “Amerika Ovozi” yaqinda Kubada bo’ldi.

"Bir avtomobil juda katta tezlikda kelib, oldimda to’xtadi. Ichidan bir to’da odam chiqib, meni mashinaga solib olib ketishdi".

Yoani Sanchez

Yoani Sanchez

Muxolifatchilardan birining hovlisidamiz. Rim papasi Benedikt XVI Kubada cherkovlarga bordi. Poytaxt Gavanada prezident Raul Kastro va akasi Fidel bilan uchrashganida muxolifat vakillari qattiq nazorat qilindi. Xalq haqiqatni bilmaydi, deydi muxolifatchilar.

Yoani Sanchez “Generation Y” nomli blog muallifi. Bu sahifa shaxsiy sayt, deya tasvirlaydi u. Kechinmalar tafsiloti:

"Blogda siyosiy yoki ilmiy tahlil yo’q. Faqat hissiyotlarim, har kungi hayotim, ko’rgan-kechirganlarim haqida yozaman".

Ammo Kuba hukumati muallif bildirgan fikrlar amaldagi siyosatga qarshi deb, blogni yopib qo’ydi. O’tgan yilgacha yopiq bo’lgan sahifa – Sanchezga nisbatan yagona jazo emas.

"Hibsga olishdi, qamashdi, politsiya do’q-po’pisa qildi. Lekin ajoyib narsalarni ham boshdan kechirdim. Ko’chaga chiqqanimda odamlar oldimga kelib, “men siz yozganlarni o’qiganman, siz haqsiz”, deydi. Tengdoshlarim ko’zida yosh bilan kurashni davom ettirish kerakligini aytadi. Bu menga dalda," - deydi faol.

Muxolifat namoyishi

Muxolifat namoyishi

Xalqaro tashkilotlar Sanchezni turli mukofotlarga loyiq deb topdi, ammo ularni olish uchun chet elga chiqolmaydi.

Eng yomoni - yaqinlaringga bosim ko’rsatilgani, deydi u.

"Do’stlarimni yo’qotdim, yonimda bo’lishdan qo’rqdi ular. Lekin yangi do’st ham orttirdim, ular xatarni yaxshi tushunadi".

Yangi do’stlar - blogger, jurnalist, rassom va faollar.

Papa tashrifi davomida politsiya ruhoniy Xose Konrado Rodrigez Alegrening uyini nazorat qilib turdi.

"Dinimizga ko’ra, insonning Yaratgan bilan muloqot qilishi uchun yo’l to’silsa, o’sha tomon gunohga botadi. Bu gunoh".

Rodrigez Alegre o’z boshdan kechirganlarini Rim papasiga yetkazish niyatida.

Rim papasi Benedikt XVI Favanada Fidel Kastro bilan uchrashdi. 2012-yil 28-mart.

Rim papasi Benedikt XVI Favanada Fidel Kastro bilan uchrashdi. 2012-yil 28-mart.

Kuba hukumati iqtisodni liberallashtirish harakatida. Fuqarolarga uyali telefon va internetdan foydalanishga ruxsat berdi.

Biroq, deydi Sanchez, “arab bahori”da yoshlar katta rol o’ynaganidan so’ng Kuba rahbariyati jamiyatning har bir qatlami ustidan nazoratni kuchaytirdi. Fuqaro erkinliklari yanada cheklandi.

Lekin o’zgarishning oldini ololmaysiz, deydi Yoani Sanchez.

"Jamiyatni o’sishdan to’xtata olmaysiz. O’zgarishlar nafaqat muxolifat, balki yoshlar orasida ham kuchli. Yoshlar xip-xop musiqasi, san’at, muqobil filmlar orqali o’z noroziligini bildirmoqda".

Faollar tez-tez uchrashib turadi, fikr almashadi.

Kuba hukumati ularning tanqidiga javob berganicha yo’q.

Rim papasining Kubaga tashrifi davomida ba’zi yoshlar hibsga olindi. Boshqalar uy qamog’ida o’tirishga majbur bo’ldi. Uyali telefonlari ishlamadi. Lekin ularning bir narsaga ishonchi komil: Kuba kelajagi ular qo’lida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG