Kuba rahbariyati iqtisodiy islohotlar zaruratini tan olmoqda

  • Amerika Ovozi

Yaqinda Amerika qit’asi davlatlari sammitida Kubaga demokratik islohotlar haqida dashnom bergani uchun prezident Barak Obama baloga qoldi. Oq uyning Kubani chetlatish siyosati, yarim asrlik embargoni qit’adagi 35 davlatdan 33 tasi ensasi qotib tilga oldi. Holbuki, orol mamlakatda iqtisodiy o’zgarishlar boshlab yuborilgan. Siyosatga ham navbat yetadi, degan taxmin bor.

Poytaxt Gavanada xaridorlar sotuvga qo’yilgan uyni aylanib chiqayapti. Xonadon egasi mehmonxonani ko’rsatyapti.

"Esto es el comedor."

Ayvon va oshxonani ham ko’rish mumkin.

"La cocina."

Ovidio Uyyoa bu yerda 20 yil yashadi. Endi boshqa joyga ko’chmoqchi.

“Bu uy bizga kattalik qilib qoldi. O’g’lim bilan kichikroq joyga ko’chmoqchimiz. Arzonroq uy olsak, ortib qolgan pulga tirikchilik qilsa bo’ladi”.

Kubada endi buning imkoni bor. Ko’chmas mulk norasmiy birjalarda, internet va tanish-bilishlar yordamida olib-sotilyapti.

Ilgari uyni faqat boshqasiga almashtirish mumkin edi. Islohotlar natijasida mulk savdosi endi erkin. Xaridor bilan uy egasi til topishsa bo’lgani.

Mana bu saroyning narxi 90 ming dollar. Boshqa boy davlatda arzimagan pul bu. Jidak remont talab.

Fransisko Pratsga bu uy meros qolgan. Prezident Raul Kastro boshlagan islohotlar juda kerak, deydi u:

“Butun dunyo o’zgaryapti. Jamiyatimiz dunyoning bir qismi, rivojlanishi kerak”.

Gavana bo’ylab sayr qilgan kishi shahar bir paytlar gullab-yashnaganini tushunadi. Eski, biroq klassik avtomobillar... Ko’pi sotuvda.

Akasi Fideldan keyin boshqaruvga kelgan Raul Kastro islohotlar zaruratini tan oldi, deydi AQShning Leksington tadqiqotlar instituti tahlilchisi Filip Piters:

“Bu iqtisodda deyarli hech narsa ishlab chiqarilmaydi. Endilikda hukumat buni ochiqchasiga e’tirof etmoqda”.

Avvallari Kuba Sovet Ittifoqiga asosan qand-shakar eksport qilgan.

1990-yillarda qishloq xo’jaligi tubdan o’zgarib, bugun bozorda yo’q narsaning o’zi yo’q. Bir yarim yil oldin boshlangan reforma natijasida esa xususiy biznes ancha kengaydi.

Masalan, kichik restoranlar ko’paydi. Ularni bu yerda paladares deb atashadi. “La Kasa” - shulardan biri. Restoran egasi Silviya Kardoso muvaffaqiyat kaliti haqida shunday deydi:

"Ko’p-ko’p ishlash kerak. Sifatni oshirish kerak. Daromad kamaysa ham sifat ziyon ko’rmasin”.

Bu kafelarga asosan sayyohlar, chet elliklar kiradi. Lekin mahalliy aholi orasida ham mijozlar ko’paymoqda. Silviyaning eri Manuel Robayna inqilobdan oldin restoranda ishlagan. Asosiy maqsad foyda emas, deydi u.

“Hech qachon kapitalistdek yondashmayman. U davr menda yomon tassurot qoldirgan”.

Balandparvoz shiorlar islohotlarni sotsializmga bog’laydi.

Kuba rahbariyati muammolarda Amerika joriy etgan embargoni ayblaydi. Ayni vaqtda tashqi dunyoga eshiklarini ochmoqda. Erkin iqtisod ta’mini totib ko’rgan fuqarolar vaqti kelib erkin saylovni, kengroq haq-huquqni tusab qolishi hech gap emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG