Breaking News

Kuba Snoudenga xayrixoh davlatlarni yoqlab chiqdi


Kuba rahbari Raul Kastro Boliviya, Nikaragua va Venesuelani qo'llab-quvvatlamoqda.
Kuba rahbari Raul Kastro Boliviya, Nikaragua va Venesuelani qo'llab-quvvatlamoqda.
Kuba prezidenti Raul Kastro AQSh fuqarosi, vatanidagi maxfiy dasturni oshkor qilgan Edvard Snoudenga siyosiy boshpana berishga rozi uch mamlakatni qo’llab-quvvatlab chiqdi. Kastroning aytishicha, qadriyat va g’oyalari uchun ta’qibga uchragan insonlar himoyaga loyiq.

Hukumatning maxfiy dasturlari fosh etildi, ayb kimda?/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00
Yuklab oling

Venesuela, Nikaragua va Boliviya o’tgan hafta 30 yoshli Snoudenga panoh berishga tayyor ekanini bildirgan edi. Kastro so’zlariga ko’ra, bu kabi mamlakatlar o’z qarori uchun sanksiyalarga uchrashi ehtimoli bor.

Snouden Lotin Amerikasidagi bu uch davlatga qanday yetib olishi hali noaniq. Kuba hukumati Snoudenni o’z hududidan o’tkazishga rozimi-yo’qmi, hali ma’lum qilmagan.

Ikki hafta oldin Gonkongdan Rossiyaga borgan Snouden hanuz Moskva aeroportida qolayapti. Qo’shma Shtatlar uni josuslikda ayblab, pasportini bekor qilgan. Rossiya deputati, xalqaro aloqalar qo’mitasi raisi Aleksey Pushkov Snoudenga Venesuelaning taklifini qabul qilishni maslahat bermoqda. Bu davlatdan siyosiy boshpana olish eng ma’qul qaror bo’ladi, deydi u.

Bu orada, Braziliya AQSh hukumati xorijda, jumladan, Braziliyada telefon va e-mail muloqotni kuzatgani haqidagi xabardan tashvish bildirgan. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Antonio Patriota Amerikadan izoh talab qilayapti. Xalqaro kommunikatsiya-aloqa tartibiga ham o’zgartirish kiritiladi, deydi u.

Snouden 20 dan ziyod mamlakatdan panoh so’ragan. Aksariyati iltimosni rad etgan, boshqalar faqat o’z davlatida yoki elchixonasida himoyani kafolatlashga qodir ekanini aytmoqda.

Rasmiy Vashington Snouden vataniga ekstraditsiya qilinishi kerak, deydi. Ammo Rossiya rahbari Vladimir Putin talabni rad etgan.

Amerika Milliy xavfsizlik agentligining tushuntirishicha, maxfiy kuzatuv dasturi qator terror xurujlarining oldini olishga yordam bergan. Snouden esa millionlab amerikaliklar hukumatning kuzatuvi ostida ekanini bilishga haqli edi, deydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG