Oq Uy "Kuba tvitteri" dasturini himoya qildi

  • Amerika Ovozi

"Kuba tvitteri" deya atalgan ijtimoiy tarmoqda foydalanuvchilar telefon orqali xabar almashgan.

"Kuba tvitteri" deya atalgan ijtimoiy tarmoqda foydalanuvchilar telefon orqali xabar almashgan.

Oq uyning ma'lum qilishicha, “Kuba tvitteri” deya atalayotgan ijtimoiy tarmoq taraqqiyot dasturi sifatida AQSh hukumati tomonidan yaratilgani to’g’ri, ammo undan Kuba rejimiga qarshi foydalanish maqsad qilinmagan.

AQSh hukumati Kubada siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarish hamda komunist hukumatni zaiflashtirish uchun maxfiy ravishda ijtimoiy aloqa tarmog’ini moliyalayotgani haqida xabarlar paydo bo’lgach, Oq uy bu haqda o'z munosabatini bildirishga qaror qildi.

“AP” tarqatgan xabarga ko’ra, “USAID” granti asosida ishlagan “ZunZuneo” (Tvitterning ispancha nomi) dasturi orqali internetga qo’yilgan cheklovlarni aylanib o’tib, odamlarga qisqa xabarlar yo’llash va shu tariqa ularni siyosiy namoyishlarga chorlash ko’zda tutilgan.

“Kubaga o’xshagan muhitda bunday dasturga ega bo’lishni istasangiz, uni qanday amalga oshirmoqchi ekaningiz haqida yaxshilab o’ylab ko’rishingiz kerak, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jey Karni. – Chunki uning boshida turganlarni himoya qilish lozim. Lekin bu uning rejimga qarshi loyiha ekanini anglatmaydi”.

Ayrim AQSh senatorlari dasturga shubha bilan qaramoqda. Ular loyihani moliyalagan Xalqaro taraqqiyot bo’yicha AQSh agentligini so’roqqa tutish niyatida.

“Mablag’ olish uchun murojaat qilinganda nega bizga bu haqda ma’lumot berilmadi? Kimdan chiqqan g’oya o’zi bu?” – deydi senator Patrik Leihi.

Kubada ijtimoiy tarmoqdan foydalanib ko’rgan ayrim fuqarolar ham uning ortida turgan maqsadlardan shubhalangani haqida aytadi.

“Ba’zan uning qayerdan kelganiga hayron bo’lardim. Pulni qayerdan olishyapti? Chunki mablag’siz bunday ishlarni amalga oshirish imkoni yo’q”, - deydi Saymi Reyes ismli kubaliklardan biri.

Kuba hukumati ijtimoiy tarmoq haqida o’z munosabatini bildirgani yo’q. “USAID”ning “AP” axborot agentligiga aytishicha, hukumat granti tamom bo’lgandan so’ng “ZunZuneo” 2012-yilning sentabrida o’z faoliyatini to’xtatgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG