Kuba-Amerika: 53 yillik g'animlar yangi davrga qadam qo'ymoqda

  • Amerika Ovozi

Kuba rahbari Raul Kastro mamlakat parlamentida, Gavana, 20-dekabr, 2014

Kuba rahbari Raul Kastro mamlakat parlamentida, Gavana, 20-dekabr, 2014

Amerika va Kuba aloqalarni tiklashga azm etgani xushxabar. Biroq ayrimlar nazarida Vashington bu orol-davlatga nisbatan uzoq yillik keskin pozitsiyasidan uzoqlashayotgani ijobiy o’zgarishlarga yetaklamasligi mumkin. Kuba hamon kommunist diktatura, zulm va bosimga asoslangan tuzum, deya eslatadi bu tanqidchilar.

Mayami shahrini Amerikaning Kubasi deyishadi. Kubadan kelgan muhojirlar bu yerda juda ko’p. Yangilikdan odamlar hayajonda.

“Bu o’zgarishlar orqali amerikaliklar va kubaliklar uchun imkoniyatlarni kengaytirmoqchimiz. Ikki xalq hayotida yangi sahifa ochamiz”,- deydi prezident Barak Obama.

Fidel Kastroning qonxo’r hukumatidan qochib, Amerikada jon saqlagan odamlar Kubaga qarshi qattiq sanksiyalar tarafdori. Vatanga qadam bosa olmaslik bu insonlar uchun juda achchiq haqiqat lekin adolat talabini ular qaytib olmoqchi emas. Kastro rejimi vijdonsiz, beshavqat, yakkahokimlik va yulg’ichlik chuqur ildiz otgan tizim, deydi ular.

“50 mingdan oshiq begunoh odamning qonini ichgan bu hukumat. Kubaning yuziga tupurishayapti hozir. U bilan kelishish AQShga ham zarar keltiradi”,- deydi Karlos Munyoz, muhojir.

Qachongacha dushmanlikda yashaymiz, til topishish vaqti keldi, deydiganlar ham anchagina.

"Kuba va AQSh yarashishga ahd qilganidan juda xursandman”,- deydi Santiago Portal ismli kubalik.

Besh yil davomida Kuba qamog’ida o’tirgan amerikalik Alan Gross fikricha prezident Barak Obama to’g’ri yo’ldan ketmoqda. Cheklovlar, Kubani yakkalash, uni turli usullar bilan jazolash xalq hayotini og’irlashtirgan, deydi vatanga qaytarilgan amerikalik.

Prezident Obama

Prezident Obama

“Kubaliklar, ularning aksariyati juda mehribon, bag’rikeng va iqtidorli odamlar. Ularga nisbatan adolatsiz muomala, ikki davlatning g’animligi va shunga yarasha siyosatga chek qo’yish kerak", - deydi u.

AQSh qamog’idan qo’yib yuborilgan uch fuqaro Gavanada tantanali kutib olindi.
Ular ham Gross singari josuslikda ayblangan edi.

“Uch vatandoshimizning Amerikadan qaytgani, ularning ozodlikka chiqqani ajoyib voqea”,- deydi Luis Rodrigez, kubalik.

Kuba prezidenti Raul Kastro AQShdan ildam qadamlar kutmoqda.

“Iqtisodiy, tijoriy va moliyaviy blokadani olib tashlang. Xalqimizni qiynashni bas qiling. Bizga qarshi qonunlarni bekor qilishga chaqiramiz. Prezident o’z vakolatidan foydalanib, bu adolatsiz qonunlarning amaliyotiga chek qo’ya oladi”,- deydi Kastro.

Kuba ham, Amerika siyosati ham bir kunda o’zgarmasligi aniq. Kubalik muhojirlarning farzandlari, bugungi kunda nufuzli siyosatchilar, Obamani tanqid qilmoqda.

“Amerika til topishamiz degani Kubadagi tuzum uchun odamlarni yanada ezish uchun bahona bo’ladi. Har bir imkoniyatdan foydalanib, hukumat zulmni oshiradi”,- deydi Florida senatori Marko Rubio.

Qizig’i, kommunist hamkor Venesuela va katolik dunyosi rahbariyati Vatikan tomonlarni qutlamoqda.

Obama 2011-yildan boshlab amerikaliklarga Kubaga borishga ruxsat bergan, cheklangan tarzda. AQSh endi bu davlatda elchixona ochadi. Kelasi oylarda sayohat va tijorat osonlashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG