Davlatlar jang maydonida emas, internetda kuch sinashadi

  • Amerika Ovozi

Yangi hisobotga ko’ra, yadro dasturi ustida muzokara qilayotgan Qo’shma Shtatlar va Eron bir paytning o’zida bir-biriga qarshi kiber-xurujlarni kuchaytirgan. Ekspertlarga ko’ra, davlatlar kelajakda jang maydonida emas, internetda kuch sinashadi.

AQSh va Eron diplomatlari deyarli har hafta uchrashib, Tehronning yadro programmasi bo’yicha kelishuvni mart oxirigacha imzolash harakatida.

Ammo parda ortida kiber-urush avjida, deya xulosa qilinadi “Intercept” veb sahifasida. Nashr jurnalistlari Edvard Snouden fosh etgan maxfiy hujjatlarni obdon o’rganib chiqqan.

Ikki yilcha avval AQSh Milliy xavfsizlik agentligi bir hisobot tayyorlagan edi. Unda Erondan kelayotgan kiber-xurujlarga yaxshiroq javob berish tavsiya etilgan.

2012-yilda AQSh va Isroil “Stuxnet” nomli virus yaratib, Eron yadro dasturiga aloqador kompyuter tizimini ishdan chiqarishga harakat qilgani aytiladi.

Hujjatda yozilishicha, islomiy respublika bu virusni sinchiklab o’rganib chiqqan. Qimmat yadro qurollari yaratgandan ko’ra, ehtimol davlatning kiber-salohiyatini kuchaytirish kerak deb xulosa qilishgan, deydi tahlilchi Deyvid Stapls.

“Eronliklar qo’llarida kuchliroq qurol borligini tushunishdi. Agar shu sohaga sarmoya qilishsa, uni qayta-qayta ishlatish mumkin. Yadro qurolidek qimmat ham emas”.

Kiber-xuruj nima ekanini sodda qilib ko’rsatish uchun professor Stapls bir video yaratdi.

“Muayyan veb saytga signallar kelayotgani va qaytib ketayotganini ko’rasiz ekranda. O’ng tomondagi ranglar yorug’lashib ketsa bilasizki, veb saytga katta miqdorda ma’lumot yuborilayapti. Server savollarga bu tezlikda javob berolmaydi va sayt oxir-oqibat yopiladi”.

Saytni savollar bilan ko’mib tashlash hujumning bir ko’rinishi xolos. Xakerlar ma’lumotni o’g’irlashi yoki o’chirib tashlashi ham mumkin. “Sony” kinokompaniyasi o’tgan yili boshdan kechirgan hodisalar bunga misol.

Elektr stansiyalarini to’xtamasdan ishlash rejimiga o’tkazish, svetofor va aviatsiya tizimlarini o’chirib qo’yish odamlar hayotini xavf ostiga qo’yadi.

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi rahbari admiral Mayk Rojersning aytishicha, kiber-urush degan iborani endi ko’p eshitamiz.

“Kiber-xurujlar har bir mojaroning tarkibiy qismi bo’ladi. Bu jarayon allaqachon boshlangan. Mana bugun Ukrainada ko’ryapmiz. Suriya, Gruziyada ham guvoh bo’lganmiz”, - deydi u.

Terrorchi guruhlar ham faoliyatining bir qismini internetga ko’chiradi degan xavotir bor, deydi olima Reychel Briggs.

“Ekstremistlar sim va batareyalardan qanday foydalansa, texnologiyadan ham shunday foydalanishni istaydi. Hozircha buning uddasidan chiqqani yo’q ular”.

Kiber-xurujlar arzon va maxfiy. Jamoatchilik bu haqda ko’p bilmaydi. Bilib ham, mualliflar bunga qo’l urganini rad etadi. Shu bois hujumning bu turi terrorchilarga ham, hukumatlarga ham ma’qul.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG