Amerika rasmiylari: Elektron saylov tizimi mustahkam

  • Amerika Ovozi

Oq uyda davlat xavfsizligi va aksil-terrorizm bo’yicha maslahatchi Liza Monakoning aytishicha, xakerlar hujumi xavfi bugun har qachongidan oshgan.

Oq uyda davlat xavfsizligi va aksil-terrorizm bo’yicha maslahatchi Liza Monakoning aytishicha, xakerlar hujumi xavfi bugun har qachongidan oshgan.

Tashqi g’animlar, xususan, Rossiya Amerikaning elektron saylov sistemasini izdan chiqarishi va prezident saylovlari natijalarini buzishi mumkin degan xavotirlar ketidan AQSh rasmiylari tizim nihoyatda mustahkam demoqda.

Vashingtonda kiber-xavfsizlikka doir anjumanda ana shu haqda so’z bordi. Davlat xavfsizligi va aksil-terrorizm masalalari bo’yicha mutasaddi Liza Monakoning aytishicha, hukumat saylov tizimi himoyasi uchun ekspertlar va mablag’ni ayamayapti.

Oq uyda davlat xavfsizligi va aksil-terrorizm bo’yicha maslahatchi Liza Monako Prezident Obamani xavfsizlikka doir tahdidlar borasida xabardor qilib keladi, terror xurujlari, Ebola yoki dovullar bo’ladimi… Uning aytishicha, xakerlar hujumi xavfi bugun har qachongidan oshgan.

“Amerika hukumati va xususiy sektorga qilinayotgan hujumlar ko’lamidan hayratdaman. Bunaqasi hali bo’lgan emas”, - deydi Monako.

Xakerlarbugun tobora ko’payib borayapti. Ular har xil usulni ishga solib, ham saytlarni ishdan chiqarmoqda, ham shaxsiy ma’lumotlarni o’g’irlamoqda.

“Biz yaqin kelajakda va uzoq muddatda yuzlashadigan asosiy muammolardan biri shu”, - deydi Monako.

Elektron saylov mashinalari orqali qatnayotgan axborot qanchalik to’g’ri? Monakoning javobi shuki, Amerika saylov infratuzilmasi chidamli, hujumga turib bera oladi.

“Tizim shtatlar, mahalliy o’z-o’zini boshqarish idoralari, okruglar tomonidan yuritiladi. Hukumat boshqarmaydi bu sistemani. Juda keng bir tizim. Kiber-xavfsizlik jihatidan ijobiy holat bu, ya’ni yagona hujum bilan butun tizimni ishdan chiqarish mumkin emas”, - deydi Monako.

Bundan tashqari, hukumatni muntazam savolga tutish, matbuotning tinimsiz chig’irig’i ham Amerika saylov tizimini himoya qilib turadi. Lekin shunga qaramay, deydi Monako, rasmiylar ogoh bo’lishi muhim:

“Elektron sim bilan bog’langan dunyoda yashayapmiz. Bizning himoya sistemamizni buzib kirishga urinayotganlar bor, buni bilamiz. Davlat xavfsizligi bo’yicha vazirlik va boshqa federal idoralar birgalashib shtatlarga qo’ldan kelgancha yordam berayapmiz, ekspertlar va moliyani havola etishga harakat qilayapmiz, toki ovoz berish mashinalari ishlab tursin”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG