Kipr neft va gaz qidirar ekan, Turkiya yanada norozi

  • Amerika Ovozi

Kipr 1974 yildan beri grek va turk qismlariga bo'linib qolgan

Kipr 1974 yildan beri grek va turk qismlariga bo'linib qolgan

Kipr O’rtayer dengizi sharqida neft va gaz zaxiralari izlar ekan, Turkiya bilan tinchlik muzokaralari chigallashgan. Orolning grek boshqaruvidagi qismi turklar hukmron bo’lagi bilan yaqin kelajakda birlashadi degan umid bor edi.

Turkiya va Kipr orasidagi aloqalar tabiiy boyliklarni tadqiq etish loyihasi sabab yanada murakkab tus olmoqda.

Kipr energetika idorasi rahbari Solon Kassinis “Amerika Ovozi” bilan gaplashar ekan, izlanish kamida 2-3 oy davom etadi, dedi.

O'rtayer dengizidagi kichik orol bo'lmish Kiprning shimoliy qismi turk, janubi esa grek nazorati ostida

O'rtayer dengizidagi kichik orol bo'lmish Kiprning shimoliy qismi turk, janubi esa grek nazorati ostida

Kiprning turk qismi nazarida shimolda biror boylik topilgudek bo’lsa, u butun orol ahliniki deb tan olinishi kerak.

2008-yilda grek boshqaruvi Amerikaning “Noble Energy” kompaniyasi bilan bitim imzolab, orolning janubi-sharqiy qismida tadqiqot ishlari boshlagan edi. Bu hudud Isroil suvlari bilan chegaradosh.

Loyihadan norozi Turkiya zarur bo’lsa, harbiy vositalarini ishga solishi haqida ogohlantirgan. Havo kuchlari va torpedo otadigan kemalar safarbar etilishi mumkin.

Turkiya Energetika vaziri Taner Yildiz fikricha, tadqiqot darhol to’xtatilishi lozim. Bunday o’zboshimchalik yaxshilikka yetaklamaydi, deydi u. Turkiya ham Kiprga o’z tadqiqot guruhini yuborishi mumkin.

Erato Markullis, Kipr Tashqi ishlar vazirasi

Erato Markullis, Kipr Tashqi ishlar vazirasi

Kipr Tashqi ishlar vaziri Erato Markullis esa uning davlati neft va gaz qidirishga haqli ekanini aytadi.

“Xalqaro hamjamiyat Kipr tomonda”, - deydi u.

“Biz suveren davlatmiz. Bu Turkiyaga yoqadimi yo’qmi, bu haqiqatni tan oladimi yo’qmi, biz BMT va Yevropa Ittifoqining to’laqonli a’zosimiz. Biz tegishli qonunlarga imzo chekkanmiz, jumladan, xalqaro suvlar nazorati bo’yicha BMT konvensiyasiga. Turkiya, ularga bosh egmaydi. Biz nima qilayotganimizni yaxshi bilamiz”,- deydi Markullis xonim.

Mana shunday bayonotlar bilan Kiprning grek va turk qismlari nihoyat birlashadi degan umidlar puchga chiqayotgandek.

Turkiya Energetika vaziri Taner Yildiz

Turkiya Energetika vaziri Taner Yildiz

Orada vositachilik qilayotgan BMT tomonlarni kelishib ishlashga undamoqda.

“Agar tabiiy boyliklar mavjud ekani aniqlansa, bu butun Kipr oroli aholisi uchun foyda keltirishini unutmaslik kerak. Birlashgan federal Kipr. Maqsad shu ekan, tomonlar masalani hissiyotlarga berilmay, tinch yo’l bilan hal etishi kerak. Ular butun Kipr manfaati haqida o’ylashi kerak”, - deydi BMT maxsus vakili Liza Buttenxaym.

Kipr Yevropa Ittifoqiga 2004-yilda kirgan. Orolning turk qismini faqat Turkiya davlat sifatida tan oladi xolos. Ommaviy so’rovlarda har ikki qism aholisi birlashish tarafdori ekanini aytib keladi.

1974-yilda Gretsiyadagi harbiy to’ntarish ta’siri bilan Kiprda ham o’zgarishlar yuz berayotgan paytda Turkiya bu yerga qurolli kuchlar yuboradi. Shundan beri Kipr ikkiga bo’linib qolgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG