Yevropa-Turkiya kelishuviga Kipr soya solmoqda

  • Amerika Ovozi

Kiprni ikkiga bo'lib qo'ygan chegarani BMT tinchlikparvar kuchlari qo'riqlaydi

Kiprni ikkiga bo'lib qo'ygan chegarani BMT tinchlikparvar kuchlari qo'riqlaydi

Kipr Prezidenti Nikos Anastasiadis so'zlariga ko'ra, agar Turkiya Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lishni istasa, ilgari belgilangan shartlarni bajarishi, jumladan Kiprni tan olishi kerak.

Kipr 1974-yildan beri ikkiga bo'lingan. Shimoliy hududlar Turkiya nazoratida. Qolgan qismi esa xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olingan yagona hukumatga ega. Kipr Yevropa Ittifoqi a'zosi hamdir.

O'tgan hafta Bryussel va Anqara erishgan kelishuvga ko'ra, Turkiya qit'aga kirib kelayotgan qochqinlar oqimini kamaytirishda ko'maklashadi. Evaziga Yevropa Ittifoqidan milliardlab dollar mablag' oladi. Anqara, shuningdek, ittifoqqa a'zolik jarayonini tezlatishni so'ragan.

Lekin Kipr hali ma'qullanmagan bu kelishuvga o'zgartirishlar kiritishni talab qilmoqda, aks holda Turkiya bilan a'zolik muzokaralari qayta boshlanishiga to'siq qo'yadi.

"Bosh vazir Ahmet Dovuto'g'li Kipr Respublikasini tan olmaymiz, deb yaqinda yana bir bor ta'kidladi. Anqara bu pozitsiyasini o'zgartirmas ekan, ittifoqqa a'zolik muzokaralari oldinga siljimaydi", - deydi Prezident Nikos Anastasiadis.

Yevropa Ittifoqi Kengashi raisi Donald Tusk ham Kipr rahbari bilan muloqotdan so'ng bu pozitsiyani quvvatlab chiqdi.

"A'zolik masalasida qonun-qoidalar o'zgarmagan. Yevropa Ittifoqiga 28 davlat a'zo. Ularning roziligisiz yangi mamlakatlarni qabul qila olmaymiz", - dedi rasmiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG