"Kiril jihodchilar" - "Islomiy davlat" saflaridagi rusiyzabon jangarilar

  • Amerika Ovozi

Chechen millatiga mansub jihodchi Umar al-Shishaniy shu yil mart oyida o'ldirildi (2014-yilda olingan).

Chechen millatiga mansub jihodchi Umar al-Shishaniy shu yil mart oyida o'ldirildi (2014-yilda olingan).

“Islomiy davlat” ekstremistlar to’dasi saflarida 5000 dan ziyod markaziy osiyolik bor. Ular nafaqat oddiy jangari, balki yetakchi mavqega ega, farzandlarini jihodchi qilib tarbiyalamoqda.

Rus tilida so’zlashuvchi jangarilar to’dadagi xorijliklar orasida son bo’yicha ikkinchi eng katta guruh. Nyu-Yorkdagi “Soufan Group” tahlilchilariga ko’ra, 2014-yil iyunidan buyon ularning soni uch baravar oshgan.

O’zbek va qozoqlardan tortib chechenlargacha – bu jangarilar o’z urf-odatlari va an’analariga ega. Ularni birlashtiradigan omil – kirilcha yozuvni bilishi va o’zaro ruschada so’zlashishi. Shu bois kuzatuvchilar bu guruhni “kiril jihodchilar” deb atamoqda.

Sobiq Sovet Ittifoqidan chiqqan jihodchilar, asosan, Suriyaning Raqqa shahri atrofida yashaydi. U yerdagi Abubakr Dog’istoniy masjidida namozga borganlar rus tilida muloqot qiladi. Arab tili va Qur’onni o’rganmoqchi bo’lganlar uchun Abu Muslim madrasasi ochilgan. Bolalar rus tilida ta’lim beruvchi maktabga qatnaydi, matematika, arab tili va Qur’ondan tahsil oladi. Maktabni dog’istonlik jangari Abu Hanif Jamoat ochgan. Ayollar “Univermag” nomli rus do’konidan oziq-ovqat xarid qiladi.

“Rusiyzabon jihodchilarning “Islomiy davlat” to’dasi ichida o’z jamoasi bor. Guruhda Shimoliy Afrika va Yevropadan kelgan xorijiy jangarilar ko’p, lekin eng ko’p sonlisi sobiq Sovet respublikalaridan chiqqanlar”, - deydi hozirda Turkiyada yashayotgan suriyalik faol Salim al-Hammud.

“Ular boshqalardan, xususan arab va afrikaliklardan tartib-intizom va harbiy tayyorgarlik darajasi bilan farq qiladi”, - deydi al-Hammud.

Shu sabab, deydi u, “Islomiy davlat” rahbarlari bu jangarilarni qo’mondonlikka tayinlaydi.

“Chunki ular juda qatiqqo’l, mahalliy aholiga achinib o’tirmaydi. Ular o’zini kuchli va ishonchli askarlar sifatida ko’rsatgan”.

Kavkaz, Markaziy Osiyo va Rossiyadan kelgan jihodchilarni rus tili birlashtiradi.

“Rusiyzabon jangarilar birga mashq qilishi haqida dalillar bor. Ular orasida “Islomiy davlat” guruhining eng katta lavozimlarigacha erishganlar bor, masalan, yaqinda o’ldirilgan Abu Umar al-Shishaniy. Shimoliy Kavkazdan kelganlar jangovar tajribasi tufayli kuchli jangchi hisoblanadi”, - deydi Britaniyaning Ekzeter universitetidan tadqiqotchi Edvard Lemon.

Abu Umar al-Shishaniyning asl ismi Tarxan Batirashvili bo’lib, Gruziyada tug’ilgan, otasi gruzin, onasi chechen bo’lgan. 2008-yilda Checheniston urushida Rossiyaga qarshi kurashgan, “Islomiy davlat” saflarida katta qudratga ega bo’lgan. U mart boshida halok bo’ldi.

Yollangan kuch emas

Ko’plar bu jangarilar Suriyaga pulni deb kelgan deyishiga qaramay, ular o’zini yollangan kuch deb hisoblamaydi.

“Islomiy davlat” saflarida jang qilib, Tojikistonga qaytib borgan Bobojon Qoraboyevning aytishicha, Suriya jangarilar uchun yangi vatan. Qoraboyev Tojikistonda ish topolmay, Rossiyaga jo’nadi, lekin u yerda ham omadi chopmadi. U jihodchilarga yollanishga qaror qildi.

“Ko’plar pul deb jang qilardi, lekin mafkuraga, g’oyaga ishonganlar aslida ko’proq”, - deydi u.

Qoraboyev ham pul olgani, so’ngra jihodchilar mafkurasini to’la qabul qilolmagani uchun guruhni tark etganini aytadi.

Ularni yollovchilar Markaziy Osiyodagi qiyin iqtisodiy ahvol, ishsizlik, Rossiyadagi muhojirlar orasida tayanch va yordamning yo’qligidan foydalanadi.

“Yollanganlarning aksariyati Rossiyadagi ishchi muhojirlar. Ularga hech kim yordam bermaganidan keyin, albatta, jihodchilar saflariga yollaydiganlar muvaffaqiyatga erishadi. Bundan tashqari, iqtisodiy omil ham bor. Ekstremistik guruhlar yangi jangarilarga pul va’da qiladi”, - deydi amerikalik jurnalist Katrin Pats.

O’zlik inqirozi

Abu Umar al-Shishaniy va AQShda harbiy tayyorgarlikdan o’tgan tojikistonlik polkovnik Gulmurod Halimov “Islomiy davlat” guruhida qudratli qo’mondonlarga aylangani vatanida o’z o’rnini topolmagan rusiyzabon musulmonlar tomonidan ijobiy holdek qabul qilindi. “Soufan Group” ma’lumotlariga ko’ra, “kiril jihodchilar”ning aksariyati Shimoliy Kavkaz, xususan Chechenistondan.

Qirg’izistondagi Al-Sarahsiy masjidi imomi Rashot Kamolov musulmonlarni Suriyaga borib, “Islomiy davlat”ga qo’shilishga da’vat etgan. O’tgan yil fevralida u “diniy adovat” hamda “ekstremistik mazmundagi materiallarni tarqatish”da ayblanib, besh yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Biroq yosh qirg’izistonliklar orasida Kamolov tarafdorlari ko’pligicha qolmoqda.

“Nafaqat qirg’izlar, balki Checheniston, Dog’iston, Tojikiston va O’zbekiston yoshlari bu g’oyani darrov qabul qildi, chunki ular uchun jihod o’zini ifoda etish yo’liga aylandi, - deydi Registan.net internet sayti rahbari Noa Takker. - “Bu odamlar yillar davomida izlagan islomiy utopiyani Daishda ko’rdi. Guruhning Rossiyadagi markaziy osiyoliklarni ko’zlab chiqargan targ’ibot materiallarining aksariyati mintaqa musulmonlarining o’zligiga bag’ishlanadi.

“Siz musulmonsiz va siz yuzlashayotgan muammolar musulmonlarni siquvga olganlardan kelib chiqmoqda”, deyiladi bu materiallarda. Xulosa shuki, “Islomiy davlat” - bu tazyiqlarga javob, musulmonlarning xaloskori.

Rus uslubidagi islomiy utopiya

Rossiya hukumati Suriya Prezidenti Bashar Assadni rasman qo’llab-quvvatlagan bo’lsa-da, ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiya jihodchilarni Suriyaga ketishga undagan.

32 yoshli dog’istonlik salafiy Nodir Medetov 2014-yilda Rossiya xavfsizlik xizmati tomonidan hibsga olinganidan to’rt oy o’tib Suriyada ekani aniqlandi. Ayrim ekspertlar Kreml atayin uning xorijga chiqib ketishi uchun imkoniyat yaratganini da’vo qiladi (bu haqda mana bu yerda batafsil ma'lumot bergan edik).

“Rossiya hukumatining jihodchilar va ehtimoliy jangarilarga Chechenistonni tark etib, Suriyaga borishida juda faol rol o’ynagani haqida ma’lumotlar bor. Chunki Rossiya harbiy-havo qo’shinlari Suriyadagi jangarilarni bemalol bombardimon qila oldi, Kavkazda esa bunday qilolmasdi”, - deydi Noa Takker.

Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu yaqinda Suriyada 2000 dan ziyod rossiyalik jihodchi o’ldirilgani haqida ma’lum qildi.

Bo’lajak jihodchilar

Rusiyzabon jihodchilar “Islomiy davlat” hayot tarzini tanladi. Shu bois ular o’z farzandlari miyasiga jihod g’oyalarini quymoqda. Jangarilar nazorati ostidagi hududda joylashgan rus tilidagi maktabda targ’ibot kuchli, tartib-intizom qattiq, muallimga quloq solmagan bola jazolanadi. Markaziy Osiyodagi ayrim oilalar farzandlarining “Islomiy davlat” nazoratidagi hududda yaxshiroq yashashiga umid qiladi.

Qirgiziston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko’ra, so’nggi oylarda yoshi 10 gacha bo’lgan 85 bola va 36 o’smir Qirg’izistondan Suriyaga jo’natilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG