Breaking News

Chexiya prezidenti Karimov tashrifini boykot qilmasligini aytdi


Islom Karimov
Islom Karimov
O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning Chexiyaga tashrif buyurishi kutilar ekan, o’zbekistonlik va xalqaro inson huquqlari faollari kecha Chexiya prezidenti nomiga xat yozib, undan Karimovni qabul qilmaslikni so’ragan edi.

Milosh Zeman shu kunning o’zidayoq murojaatga javob bergan. U faollarni noto’g’ri ma’lumot tarqatayotganlikda ayblab, xorijiy davlat rahbarini qabul qilish uning huquqi ekanini ta’kidladi.

Karimov Pragada 20-22 fevral kunlari bo’ladi. Chexiya prezidenti so’nggi bor O’zbekistonda 2004-yilda bo’lgan.

Faollar o’z murojaatida Karimov rejimini inson huquqlarini muntazam ravishda buzayotganlikda ayblab, uni qabul qilish Chexiyadek demokratik davlat rahbariga to’g’ri kelmasligini aytadi.

Prezident Zemanning maslahatchisiga ko’ra, Chexiya rahbari bularning hammasidan xabardor va Karimovning tashrifi davomida o’zaro muloqot chog’ida muammolarni albatta ko’taradi.

"Agar mamlakat prezidenti bilan gaplashish imkoni bo’lmasa, qanday qilib muammoni muhokama qilish mumkin", - deydi Gaynek Kmonichek.

Chexiyada ta’lim olayotgan o’zbekistonlik talabalar soni ko’payar ekan, tashrif davomida tomonlar ikki davlat o’rtasida havo aloqasini yaxshilash, viza muammolarini bartaraf etish hamda iqtisod va savdo haqida gaplashishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG