Putin, Obama va Poroshenko yuzma-yuz gaplashdi

  • Amerika Ovozi

Normandiyada o'tgan tadbirda, 6-iyun, 2014

Normandiyada o'tgan tadbirda, 6-iyun, 2014

Jahon rahbarlari, jumladan, AQSh, Yevropa, Rossiya prezidentlari Natsistlar Germaniyasi ustidan g’alabaga yetaklagan Normandiya jangini xotirlayapti.

Prezident Barak Obama natsistlar Germaniyasi ustidan g’alaba sari yetaklagan Normandiya jangi faxriylarini xotirlayapti. Ikkinchi jahon urushi davri, 1944-yilning 6-iyunida ittifoqchi qo’shinlar Fransiyaning Normandiya provinsiyasidan turib suvdan va havodan shiddatli hujumga o’tgan.

Bugun u yerdagi tantanali marosimda so’zlagan Obama eng og’ir va xatarli damda ozodlik uchun kurashgan veteranlarni sharafladi.

Normandiya jangida ittifoqchi davlatlarning 160 ming askari qatnashib, bu tarixdagi eng yirik harbiy-dengiz amaliyoti sanaladi. O’sha kuni taxminan 4500 harbiy hayotdan ko’z yumgan, biroq hujum Yevropaning ozod bo’lishi, so’ngra fashistlar ustidan g’alabaga yetaklagan.

Fransiya prezidenti Fransua Olland "ozodlik uchun jonini fido qilgan harbiylar oldida qarzdormiz", dedi.

Tadbirda minglab veteranlar ishtirok etdi. O’sha jang qatnashchilarining ko’pi bugun 90 yoshdan oshgan. Normandiyadagi tantanada 19 mamlakat rahbarlari qatnashmoqda.

Normandiyadagi marosim paytida Rossiya rahbari Vladimir Putin va AQSh prezidenti Barak Obama yuzma yuz gaplashib oldi. Ikkisi Ukrainadagi krizis boshidan beri birinchi bor ko’rishishi.

Fransiya prezidenti Fransua Olland mezbonlik qilgan tushlik paytida Obama va Putin chamasi 10-15 daqiqa suhbat qurgan. Rasmiylar buni "norasmiy muloqot", "fikr almashish" deb tasvirladi.

Putin Ukrainaning yangi saylangan prezidenti Petro Poroshenko bilan ham suhbatlashgan. Tomonlar mojaroga zudlik bilan yechim topishga kelishib oldi, deya bildiradi Kreml.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG