Yangi neft konlari Shimoliy Dakotaga sarmoya, taraqqiyot olib keldi

  • Amerika Ovozi

Neft qazishning nisbatan yangi, gidravlik usuli Shimoliy Dakota va Montana kabi shtatlarga bir dunyo sarmoya va biznes olib keldi. Chekka shaharlarda qurilishlar avjida.

Atigi olti yil ilgari AQShning Shimoliy Dakota va Montana shtatlaridagi chekka shaharlar fazodan ko’rinmas edi… Bugun esa Xalqaro fazo stansiyasidan darrov payqaysiz.

Neft konlarida lovillab turgan olov, minglab mash’allar bu shaharlarda hayot qaynab turganidan darak.

“Taraqqiyotni neft va gaz sanoati olib keldi, albatta”, - deydi Nensi Xodur, Shimoliy Dakota universiteti professori.

Yer qa’ridan xazinani chiqarib beradigan texnologiya Shimoliy Dakotaga katta o’zgarishlar olib keldi. Villiston singari shaharlar sershovqin, gavjum. 2000-yilda shtatda 620 ming aholi yashagan bo’lsa, bugun 730 mingga yetdi.

Aholi har qachongidan ko’payib ketdi. Turli sohalarda ish joylari ham serob.

“Vakansiyalarni to’ldirish uchun mutaxassislar yetishmayapti”, - deydi professor Xodur.

Neft va gaz konlari muhandis va geologlarga, transport kompaniyalari esa haydovchilarga muhtoj. Restoranlarda oshpazlar yetishmayapti.

Ish qidirib kelgan odamlarni uy-joy bilan ta’minlash eng katta muammo. Ijara narxi osmonda, deydi restoran egasi Kem Xolt.

Uning aytishicha, eshikdan kirib kelgan ishchilarning 80-90 foiziga turar joy kerak. Bir xonali uyning ijara narxi 1,500 dollar. Maosh yaxshi bo’lsa ham qimmat.

Shimoliy Dakota hozir AQShda ishsizlik darajasi eng past va maoshlar tez o’sayotgan shtatlardan. Ammo kasaba uyushmalari federatsiyasi shtatni ishlash uchun eng xatarli joylar ro’yxatiga kiritgan. O’lim sur’ati bu yerda o’rtacha hisobdan besh baravar yuqori. Qurilish, konchilik va neft sanoatida baxtsiz hodisalar tez-tez ro’y beradi.

Xavf-xatarga qaramasdan Villiston shahriga ishchilar oqib kelayapti. Neft qazish usullari ham takomillashib bormoqda.

“Yangi texnologiyalar tufayli quduqlarni bir-biriga yaqinroq qazish mumkin, mahsulot hajmi o’zgarmaydi. Ekologiya, texnologiya va iqtisod o’zgarib borayapti”, - deydi Shimoliy Dakota oliygohida iqtisodchi olim Din Bengsud.

Uning fikricha, yangi neft konlarining iqtisodiy va ekologik oqibatlari haqida gapirishga hali erta.

“Nisbatan yangi texnologiya bo’lgani uchun xulosa qilish qiyin. Sohada har kuni o’zgarishlar, kashfiyotlar bo’layapti. Geologiyaning bu jihatlari shtatimizga begona, lekin o’rganyapmiz”.

Shimoliy Dakota shtatga bir dunyo sarmoya olib kelgan energetika sanoatini rivojlantirmoqda. Xavfli bo’lsa-da, boshqa shtatlardan ishlayman deb kelayotganlar oz emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG