Breaking News

Dallasdagi otishma gumondori uyidan portlovchi moddalar topildi


Dallasdagi xurujda gumonlanayotgan shaxs - Mayka Jonson
Dallasdagi xurujda gumonlanayotgan shaxs - Mayka Jonson

Prezident Barak Obama Yevropa safarini qisqartirib, AQShga erta qaytmoqda. Texasning Dallas shtatida tinch namoyish zo'ravon tus olib, besh politsiyasi otib o'ldirilgach, Obama Polshada bo'lib o'tayotgan NATO sammitidan bir kun erta qaytishga qaror qilgan.

AQSh rahbari huquq-tartibot xodimlariga uyushtirilgan xurujni "oldindan rejalangan razil hujum" deb atadi. U 9-iyul kuni Varshavada o'tkazgan matbuot anjumanida Dallasdagi xuruj tafsilotlariga alohida to'xtalib o'tdi.

Qotil qora tanlilarni namoyon qilmaydi, dedi Obama. Ayni paytda o'tgan yili Charlstonda bir guruh qora tanlilarni otib tashlagan yigit ham oq tanlilar vakili emas, dedi u.

Obama qurollar muammosi haqida gapirishdan to'xtamasligini bildirdi. Chunki ular muammoning bir qismi, dedi u.

AQSh Adliya vaziri Loretta Linch hodisani o'rganishda vazirlik yordam berishini ma'lum qildi.

Ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonson qotilning xalqaro terror tashkilotlariga aloqador emasligini ta'kidladi.

"Zo'ravonlik yechim emas. Politsiya zobitlariga qaratilgan zo'ravonlik aslo yechim emas", - dedi u.

Dallas meri Mayk Roulings besh politsiyachining hammasi Mayka Jonson ismli shaxs tomonidan amalga oshirilganini tasdiqladi. Ayni paytda hodisa yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Gumondorning uyi tintuv qilindi

Juma kuni Jonsonning uyi tekshirilganda, u yerdan bomba yasovchi materiallar, qurollar, o'q-dori hamda jang taktikalarini o'rgatuvchi yozma materiallar topilgan.

Politsiya rahbari Deyvid Braun qotil oldindan yaxshi tayyorgarlik ko'rganini aytdi.

TOMOSHA QILING: Otishma qanday amalga oshgani haqida animatsion klip

Pistirmadan hujum

Rasmiylar tomonidan "pistirma" deb nomlangan hodisa Dallas aholisining politsiya zo'ravonligiga qarshi o'tkazgan tinch namoyishi nihoyasida ro'y bergan.

Otishmadan so'ng politsiya tomonidan qurshab olingan Jonson politsiya zo'ravonliklaridan g'azabda ekanini va oq tanli odamlarni, ayniqsa, oq politsiyachilarni o'ldirishni xohlaganini aytgan. U, shuningdek, shaharga bombalar o'rnatilganini bilan qo'rqitgan.

Jonson bilan muzokaralar natijasiz yakunlangach, politsiyachilar uni robot bomba yordamida o'ldirgan.

Hujumda yetti politsiyachi va ikki nafar oddiy fuqaro yaralangan. Voqea 2001-yil 11-sentabr xurujidan so'ng huquq-tartibot organlari uchun eng halokatli kun sifatida baholanmoqda.

Ko'proq ma'lumot oshkor bo'lmoqda

Dastlab politsiyachilar hujumchilar soni kamida ikkita ekanini taxmin qilgan edi. To'polonda namoyishchilar orasida 20 tacha odam maska taqib, qurollar ko'tarib yurgani kuzatilgan.

Otishma boshlangach, hamma, xususan, qurollangan namoyishchilar ham qocha boshlagan.

Politsiya hodisa ortidan qidirilayotgan gumondor sifatida qora tanli bir erkakning suratini e'lon qildi. Bu odam keyinroq o'zini politsiyaga topshirgan va uning otishmaga aloqasi yo'qligi aniqlangan.

Payshanba kungi namoyishda 1000 ga yaqin odam qatnashgan. Ular Minnesota va Luiziana shtatlarida ikki qora tanli fuqaroning oq tanli politsiyachilar tomonidan asossiz tarzda otib tashlanishiga qarshi norozilik bildirayotgan edi. Adliya vazirligi Luizianadagi ish bo'yicha surishtiruv boshlagan.

TOMOSHA QILING: Otishma yuz bergan paytda olingan video

Halok bo'lganlar xotirlanmoqda

Amerika bo'ylab ko'plab shaharlarda halok bo'lgan politsiyachilar sharafiga ibodat kechalari o'tkazildi. Qora tanlilar va oqlar cherkovi vakillari birga yig'ilib, zo'ravonliklarni tugatishga hamda muammoni muloqot yo'li bilan yechishga chaqirmoqda.

Xalqaro munosabat

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Dallasdagi xurujni qoralab, hech qanday zo'ravonlikni oqlab bo'lmasligini ta'kidladi.

Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo "Twitter" ijtimoiy tarmog'i orqali amerikaliklarga hamdardlik bildirdi.

Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk ham "Twitter" orqali otishmadan qattiq taassufda ekanini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG