Bu yili Davos yig’inida qanday mavzular ko’tariladi?

  • Amerika Ovozi

Shveytsariyaning Davos shahrida bu yilgi Jahon iqtisodiy forumida 2500 dan ziyod turli soha yetakchilari jamuljam bo’ladi.

22-25-yanvar kunlari o’tadigan yig’inda dunyoning bugungi muammolari ko’tariladi va ularga yechimlar muhokama etiladi.

Jahonning eng nufuzli tadbirkor, olim va mulozimlarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini bir joyga to’playdigan anjuman bu yili ham dabdaba bilan o’tishi kutilmoqda. Shveytsariyaning to’g’li kurort zonasida kuchli xavfsizlik choralari ko’rib qo’yilgan.

Mehmonlar orasida Avstraliya, Yaponiya va Britaniya bosh vazirlari, shuningdek, Meksika, Janubiy Koreya va Braziliya prezidentlari bo’ladi.

2004-yildan beri ilk marotaba Davosga Eronning amaldagi prezidenti tashrif buyurishi kutilmoqda. Tashkilotchilar so’zlariga ko’ra, Hasan Ruhoniy Eronning dunyodagi o’rni va boshqa davlatlar bilan aloqalari haqida nutq so’zlaydi.

“O’zgarib borayotgan dunyo va buning jamiyat, siyosat va biznesga ta’siri” – bu yilgi yig’in ana shu mavzuga bag’ishlanadi. Forum asoschisi va rahbari Klaus Shvobning aytishicha, maqsad chigal muammolarga yechim topish. Yaqin Sharqdagi vaziyat hamda taraqqiyot masalalari kun tartibidan o’rin olishi muqarrar.

“Atrofga yangicha nazar bilan qarashimiz kerak”, - deydi Shvob. “Shu kungacha bo’hronlardan chiqib olish asosiy vazifa edi. Endi fundamental muammolarga yechim topishga urinaylik, kelajakka konstruktiv va strategik ruhda qaraylik”.

Anjuman programmasidan iqlim o’zgarishi, 2015-yildan keyingi taraqqiyot maqsadlari, salomatlik va yoshlarni ish bilan ta’minlash kabi masalalar o’rin oladi. Xitoy, Hindiston, Braziliya, Meksika va Rossiya iqtisodiyotiga bag’ishlangan davra suhbatlari rejalangan. Shimoliy Afrika va Yaqin Sharq mintaqasining kelajagi ham obdon muhokama etiladi.

Davos yig’inida bu yili Afrikadan 40 rahbar qatnashadi, ammo qit’a muammolarini avvalgi yillardan boshqacha formatda ko’rib chiqamiz, deydi forum direktori Elzi Kanza.

“Afrika masalalarini ajratib, alohida seminarlar o’tkazish bu yili yo’q. Hammasi global jarayonlarning bir qismi sifatida ko’rib chiqiladi”, - deydi u.

Afrika yetakchilari bizdagi muammolar boshqalarnikidan farq qilmaydi, shu bois hamma qatori Davosning barcha majlislarida birdek ishtirok etaylik, deb so’ragan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG