AQSh poytaxtida eng kam ish haqi bilan yashab bo'ladimi?

  • Amerika Ovozi

Amerikada eng kam ish haqini oshirish bo'yicha bahslar davom etmoqda. Federal qonunga ko'ra, kompaniyalar ishchilariga bir soat uchun 7 dollar 25 sentdan kam haq to'lamasligi kerak. Ayrim shahar va shtatlarda minimum miqdor bundan yuqori. Poytaxtda esa eng kam ish haqi 8 dollar 25 sentdan 9,5 dollarga oshirilganiga yaqinda bir yil to'ladi. O'tgan vaqt davomida bu o'zgarishning odamlar hayotiga ta'siri qanday bo'ldi?

Rine Petterson muallim yordamchisi sifatida 10 yil eng kam ish haqiga ishladi. O'tgan yili maoshi soatiga bir dollardan biroz ko'paydi.

"Maoshingiz bir yoki 10 tiyinga oshsa ham, har bir narsani shunga moslab byudjet qilishingizga to'g'ri keladi", - deydi u.

Petterson kamxarj bo'lishga majbur. U uy-joy uchun hukumatdan yordam oladi. Kredit kartochkasi yo'q, ko'p narsani arzon do'konlardan xarid qiladi. Bayramlarda eshigini bezash uchun har oy 10 dollar tejashga ham urinadi.

"Bu shaharda normal yashash uchun, yaxshiroq hayot va yashash joyiga ega bo'lish uchun soatiga kamida 15 dollar topishingiz kerak", - deydi shahar faollaridan biri Jeremay Louri.

U metro bekatlari yonida har chorshanba "15 uchun kurash" nomli kampaniya o'tkazadi. Maqsad aholi orasida ogohlikni oshirish.

"Bir yoqadan bosh chiqarishga urinyapmiz. Shuning uchun ko'chalarga chiqyapmiz. Kampaniyamizga ishchilarni jalb etishga urinyapmiz. Ularni uchrashuvlarga, sayllarga taklif qilamiz. Odamlar bu kampaniyada qatnashib, o'z so'zini aytsin, tashabbusni ishchilar qo'liga olsin", - deydi Louri.

Eng kam ish haqini 15 dollarga oshirish harakati boshqa shahar va shtatlarda ham davom etmoqda.

Ikki yildan beri AQSh bo'ylab yuz minglab ishchilar namoyishlarga chiqdi. Ular eng kam maosh miqdorini oshirish, kasallik uchun ta'til olish va kasaba uyushmalari tuzish huquqini talab qilmoqda. Maosh miqdorini oshirishning ta'siri haqida iqtisodchilar turli fikrda.

Masalan, tahlilchi Brayn Uilyams bunday choraning foydadan ko'ra zarari ko'proq deydi.

"Agar kimningdir ishiga asl qiymatidan ko'proq haq to'layotgan bo'lsangiz va kimdir sizga xuddi shu ishni bajaradigan robot yoki qandaydir elektron dasturni taklif qilsa, biznes egalari iqtisodiy jihatdan tejamkor yo'lni tanlab, ishchidan butunlay voz kechishi mumkin", - deydi u.

Iqtisodiy siyosat instituti tadqiqotchisi Deyvid Kuper bu fikrga qo'shilmaydi.

"Eng kam ish haqini ko'tarsangiz, ishchilar ishni osonlikcha tark etmaydi. Bu degani, odam yollash, ularni tayyorgarlikdan o'tkazish uchun sarflanadigan xarajatlar kamayadi. Samaradorlik ham oshadi", - deydi Kuper.

Allaqachon uchta shahar eng kam ish haqini 15 dollarga ko'tarish haqida qonun qabul qilgan. Vashingtonda kelasi yil shu masala ovozga qo'yiladi.

Ungacha Rine Petterson kabi ishchilar sabr qilishga majbur.

"Ko'pchiligimiz ko'proq topishni istaymiz. Lekin men qanoatliman. Vaqti kelganda xohlagan hamma narsam bo'lishini bilaman", - deydi Petterson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG