Poytaxt Vashington 51-shtatga aylanadimi?

  • Amerika Ovozi

Kolumbiya okrugi, poytaxt Vashington, rahbari Myuriel Bauserning aytishicha, 8-noyabrdagi saylovda bu hudud AQShning 51-shtatiga aylansinmi degan masala ovozga qo'yilishi mumkin.

Vashington Kongressda ovoz bera oladigan namoyandalarga ega bo'lishni istaydi va buni qonunchilar va butun mamlakat tushunadi, deydi mer.

Hozirda Vakillar palatasida Kolumbiya okrugining nominal vakili bor xolos - Eleanor Xolms Norton - u ovoz bera olmaydi.

Puerto-Riko, Virgin orollari kabi AQShga qarashli hududlar ham shunday vakillar yuboradi, biroq ulardan farqli ravishda poytaxt aholisi federal soliqlar to’laydi.

Shaharning Senatda vakili yo’q.

Vashingtonliklar “vakil yo’q, soliq bor” - "taxation without representation" degan gapni shior qilib olgan. Hatto Prezident Barak Obamaning avtomobilida ham shunday yozuvni ko'rasiz. Davlat rahbari shtatga aylanish tashabbusini quvvatlaydi.

Saylovchilar “ha” deydi. Kongress-chi?

Agar masala noyabr saylovlarida ovozga qo’yilsa, vashingtonliklar uni ma’qullashi ehtimoli katta. O’tgan yil oxirida o’tkazilgan so’rovga ko’ra, poytaxt aholisining 70 foizi “ha” deb ovoz berish niyatida. Ayrim taniqli siyosatchilar ham taklifni qo’llamoqda.

Prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Tramp "poytaxt aholisi uchun nima yaxshi bo’lsa shuni ma’qullashini" bildirdi.

AQSh konstitutsiyasiga ko’ra, yangi shtatlarni mamlakat tarkibiga qabul qilish butkul Kongress qo'lida. Shuningdek, qomusda Kolumbiya okrugi hukumat joylashgan maxsus federal hudud deb belgilangan va uni Kongress nazorat qiladi.

Shunday ekan, mahalliy aholi referendumda Vashington 51-shtatga aylansin deb ovoz bergan taqdirda ham Kongress bu qarorni tasdiqlashga majbur emas.

Tashabbus bir necha marta ilgari surilgan. Oxirgi marta Norton bu taklifni Kongressga 2015-yil yanvarida taqdim etgan edi. O’shandan beri masala Vakillar palatasining Qoidalar qo’mitasi e'tiborida.

Mart oyida Kolumbiya okrugining Yuqori sudi shahar o'z moliyaviy masalalarini o'zi hal etish huquqiga ega deb hukm chiqardi. Ungacha butun jarayon Kongress izni ostida edi.

Kolimbiya okrugi shtatga aylansa, uning nomi Yangi Kolumbiya bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG