Iroqdagi qonli hujumlarda yuzdan ortiq odam o'lgan

  • Amerika Ovozi

23-iyul - hozirgacha 2012-yilda eng ko'p qurbon berilgan kun

23-iyul - hozirgacha 2012-yilda eng ko'p qurbon berilgan kun

Bugun Iroqda bir qator portlash va otishmalar ro’y berib, kamida 100dan ortiq odam halok bo’lgan va 200ga yaqin kishi jarohatlangan. 23-iyul hozirgacha 2012-yilda iroqliklar eng ko’p qurbon bergan kun.

Iroqning turli shaharlarda joylashgan 12 hududida ro’y bergan bugungi qonli hujumlarda, asosan, hukumat binolari va harbiy bo’linmalar nishonga olingan.

Iroq shimoli-sharqidagi Udaym shahrida joylashgan harbiy bazada ro’y bergan otishmada 15 askar o’ldirilgan. Kirkuk shahrida sodir etilgan bir qator portlashlarda ham ko’plab harbiylar halok bo’lgan.

Bag’dodda mashinaga o’rnatilgan bomba portlab, bir necha kishini hayotdan olib ketgan. Poytaxt shimolida joylashgan Taji shahridagi besh uy portlatilishi oqibatida esa kamida 17 odam halok bo’lgan.

“Dahshatli portlash bo’ldi, - deydi 35 yoshli guvoh Muhammad Mun’im. – Hamma joyda faqat tutun va yong’in bo’lganini eslayman”.

Muhammad Mun’im ishlaydigan Ichki ishlar vazirligi binosida ro’y bergan hujumda 16 kishi halok bo’lgan.

Hujumlar Iroqdagi “Al-Qoida” guruhi tomonidan amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda. O’tgan hafta guruh Iroqdagi AQSh askarlari tark etgan hududlarda amaliyotlarni kuchaytirish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Shanba kuni jihodchi vebsaytlarda e’lon qilingan bayonotga ko’ra, “Al-Qoida” Iroqda o’z faoliyatining yangi bosqichini boshlash arafasida.

O’zini Abu Bakr al-Bag’dodiy deb tanishtirgan voiz tarqatgan audioxabarda "islomchilar guruhi sud rasmiylariga hujum qilish va qamoqdagilarni ozod qilish niyatida ekani" aytilgan.

So’nggi oylarda Iroqda qonli hujum va portlashlar soni ortgani kuzatilmoqda. O’tgan oydagi ana shunday hujumlarda 237 kishi halok bo’lgan edi. Iyul boshida esa kamida 40 odam halok bo’lib, 100 dan ortiq kishi jarohatlangan.

Ko’pchilik AQSh askarlari ketgandan beri mahalliy hukumatning mamlakatda xavfsizlikni ta’minlay olishiga shubha bilan qaramoqda.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG