AQSh va Rossiya harbiy hamkorlik haqida bitim imzoladi

  • Amerika Ovozi

Hujjat Rossiya mudofaa vazirining so'nggi 5 yilda ilk bor Pentagonga tashrifi doirasida imzolangan.

Vashingtonda AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts va Rossiya Mudofaa vaziri Anatoliy Serdyukov uchrashib, harbiy hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi. Besh yil ichida bu Rossiya mudofaa vazirining Pentagonga ilk tashrifi.

Tomonlar bir necha soat muzokara qilib, hamkorlik bo'yicha ikki hujjatga qo'l qo'ydi. Ulardan biri 1993-yilda imzolangan bitimni yangilaydi.

Robert Geytsning aytishicha, harbiy hamkorlik AQSh-Rossiya munosabatlarini kuchaytiruvchi muhim omildir.

"Ayniqsa hozir, ikki davlat o'xshash muammo va tahdidlarga yuz tutayotgan bir paytda", - deydi AQSh vaziri.

Nasiba, aytish joizki, Geyts o'tmishda Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari bo'lgan, Sovet Ittifoqi bilan yaqindan shug'ullangan. Hozir esa sobiq g'animlar ko'p masalalar bo'yicha hamkorlik qilmoqda. Sovuq urush paytida buni tasavvur qilish mumkin emasdi.

Ayni damda har ikki davlat mudofaa byudjetini qisqartirishga, yuqori unvonli ofitserlar sonini kamaytirishga harakat qilmoqda.

Robert Geytsning aytishicha, bu murakkab, ammo o'ta zarur islohotdir.

Anatoliy Serdyukov uchrashuvda raketaga qarshi mudofaa tizimi masalasi ham ko'tarilganini aytdi.

"Bu boradagi muammolarni muhokama qilib, ishchi guruhlarimiz erishgan yutuqlar haqida gaplashdik", - deydi Serdyukov.

Vazirlar uchrashuvida, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyat ham ko'tarilgan. Geyts BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiyaning Eronga qarshi sanksiyalarga ovoz bergani uchun minnatdorchilik bildirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG