Obama Pentagon rahbari lavozimiga Eshton Karter nomzodini ko'rsatdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Mudofaa vaziri lavozimiga Eshton Karter nomzodini ko'rsatdi.

Karter 2011-2013-yillarda Pentagon rahbari muovini bo'lib ishlagan. Vashingtonda ham Demokratlar partiyasi, ham Respublikachilar partiyasi bilan murosa qila oladi.

Karter nomzodini Kongress tasdiqlasa, u amaldagi vazir Chak Xeygelning o'rnini egallaydi.

Xeygel o'tgan oy ishdan ketishini ma'qul qilgan edi.

Karter xavfsizlik tizimida uzoq yillik tajribaga ega.

2011-2013-yillar orasida sobiq vazir Leon Panetta va amaldagi vazir Chak Xeyglning o'rinbosari bo'lib ishlagan. Ungacha ikki yil Pentagonda qurol-aslaha xarid qilish ishlariga mas'ul edi.

Xeygl va Pentagonning o'tgan 30 yildagi boshliqlaridan farqli Karter armiya yoki Kongressda xizmat qilgan emas.

Lekin 60 yoshli fizik murakkab qurollarni puxta bilishi bilan tanilgan.

Pentagonni boshqargan oxirgi noharbiy arbob Xarold Braun edi. U Prezident Jimmi Karter davrida 1977-1981-yillarda xizmat qilgan.

Oq uy matbuot kotibi Josh Ernestning aytishicha, Karter har ikki partiyaning qo'llab-quvvatlovini olgani e'tiborli.

Xeygelning muovini sifatida u 600 milliard dollarlik byudjetga, 2,4 million kishilik noharbiy va harbiy xizmatchilarga bosh-qosh edi.

Mudofaa vaziri o'rinbosari bo'lishdan oldin Karter 2009-2011-yillarda Mudofaada texnologiya va logistika bo'yicha vazir muovini lavozimida faoliyat ko'rsatgan.

U Yel universiteti bitiruvchisi. Fizika va o'rta asrlar tarixini o'rganib bakalavrlik darajasini olgan. Oksford universitetida nazariy fizikani o'qib, doktorlik unvonini qo'lga kiritgan.

Prezidentning aytishicha, Eshton Karter "islohotchi", Mudofaa vazirligini ipidan ignasigacha biladigan arbob.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG