Saylov-2016: Nomzodlar immigratsiya ustida tortishmoqda

  • Amerika Ovozi

Xillari Klinton va Berni Sanders debatda, Ayova shtati, 14-noyabr, 2015

Xillari Klinton va Berni Sanders debatda, Ayova shtati, 14-noyabr, 2015

AQShda prezidentlikka nomzodlar mamlakatda yashovchi turli elatlarni bo'lajak saylovlarda o'zlari tomon og'dirishga harakat qilmoqda. Demokrat da'vogarlar o'z chiqishlarida immigratsiya va qochqinlar masalalariga urg'u berib, latino aholini qiziqtirishga urindi.

Xillari Klinton, Berni Sanders va Martin Omalli Nyu-Yorkda muhojirlar bilan shug'ullanuvchi guruhlarga murojaat qildi.

Xillari Klinton shu mavzuda muxolifatni tanqid qildi:

“Respublikachilardan hech bir nomzod, hech biri noqonuniy muhojirlar uchun fuqarolikka yetaklovchi imkoniyatlarni qo'llab-quvvatlamaydi. Senator Rubio 2013-yilgi immigratsiya qonunini tayyorlashda ishtirok etgan, endi esa undan voz kechmoqda. Ular bu masalada xalqdan uzoqlashmoqda, haddlaridan oshmoqda”, - dedi Klinton.

Sobiq davlat kotibi respublikachilarga tosh otayotgan bir paytda Vermont shtatidan saylangan senator Berni Sanders va Merilend shtati sobiq gubernatori Martin Omalli partiyadosh raqiblarini tanqid qildi.

“Demokratlar partiyasining ayrim a'zolari va boshqalar gumanitar inqirozga duch kelgan muhojir bolalarni chegaradan ortga qaytarishni talab qilganidan juda xafa bo'ldim. Axir Qo'shma Shtatlar qochqinlik maqomini olishni istovchi bolalar va oilalar oldida xalqaro majburiyatga ega", - dedi Sanders Klintonning Markaziy Amerika mamlakatlaridagi qashshoqlik va jinoyatchilikdan qochib, Amerikaga ota-onalarsiz, noqonuniy kirgan bolalarga qarshi siyosatiga ishora qilib.

Klinton bu siyosatini himoya qildi. Uning aytishicha, bolalar ortga qaytarilmasa, ota-onalar farzandlarini yolg'iz xavfli safarga yuborishga o'rganib qoladi.

So'rovlarda Klinton va Sandersdan ortda ketayotgan Omalli Merilend gubernatori bo'lgan chog'ida immigratsiya islohotiga qo'shgan hissasiga urg'u berdi. U partiyadosh raqiblarini siyosatni ma'naviyatdan ustun qo'yayotganlikda aybladi.

“Agar harakatlarimizni ommaviy so'rov natijalariga moslashtiraveradigan bo'lsak, biz na keng qamrovli immigratsiya islohotini amalga oshirishda, na mamlakat bo'ylab muhojirlarni saqlash lagerlarini kengaytirishdek sharmandali amaliyotga chek qo'yishda biror kelishuvga erisha olamiz”, - dedi Omalli.

Sobiq gubernator Sandersning 2007-yilda keng qamrovli immigratsiya qonuniga qarshi ovoz berganini eslatdi. O'shandan beri mavzu bo'yicha pozitsiyasini o'zgartirgan Sandersning aytishicha, 2007-yilgi qonun loyihasi kam maosh oladigan ishchilar haqqini yanada qisqartirishni ko'zlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG