Breaking News

Saylov-2016: Prezidentlikka da'vogar demokratlar ilk bor bahs qildi


Saylov-2016: Demokratlar poygasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00

Saylov-2016: Demokratlar poygasi

AQShda prezidentlikka intilayotgan besh demokrat ilk bor bahs qildi. Debat Nevada shtatining Las-Vegas shahrida kechdi. Uni "Si-En-En" (CNN) telekanali olib bordi. Iqtisoddan tortib, immigratsiya va ta'lim, xavfsizlik va ijtimoiy masalalar - nomzodlar, umuman olganda, bu mavzularda o'xshash fikrlashi sezildi.

Las Vegas: Demokratlar debati - Saylov-2016 - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:38 0:00
Yuklab oling

Yetakchi nomzod Hillari Klinton Rossiya bilan keskinroq gaplashish kerak, deydi. Lekin u Obama ma'muriyati ayni paytda Kreml bilan olib borayotgan muloqotni olqishladi. Xonim so'zi bilan aytganda, Rossiya rahbari Vladimir Putin Suriyaning "qonxo'r prezidenti" Bashar al-Assad nomidan bu mamlakat bo'ylab bomba tashlamoqda.

Klintonning Suriyaga nisbatan qattiqroq yondashish kerak degan fikriga raqiblar qo'shilmadi, biroq ulardan birortasi konkret yechim taklif qilmadi. Amerika hozirgi harbiy amaliyotni kengaytirmasligi kerak, degan qarashlar yangradi.

"Janob Putin qilayotgan ishidan afsuslanishiga ishonchim komil",- deydi Vermont shtatidan senator Berni Sanders. "Putin Qrimni Rossiyaga qo'shib olgani va Ukrainaga nisbatan siyosati ham ish bermaganidan afsusda deb o'ylayman",- dedi u.

Sanders o'zini sotsialist-demokrat deb ataydi. Har bir amerikalik farovon yashashi uchun sharoit yaratish kerak, deydi u. Boylik jamiyatning 1 foizini tashkil etadigan millioner va milliarderlar qo'lida ekani, uningcha, fojia.

Hillari Klinton esa kapitalizm tarafdori. Amerikaliklar mehnatining rohatini ko'rishi kerak, buning uchun esa iqtisodiy va moliyaviy erkinlikni ta'minlab, kichik bizneslarga imtiyoz va imkoniyatlarni kengaytirish lozim, deydi Klinton.

Klinton u davlat kotibi vazifasida ishlagan paytida Amerika olib borgan tashqi siyosatni himoya qildi. Liviyadagi urush, Suriya mojarosi yuzasidan Oq uy qarorlarini zamon talabi deb atadi.

Virjiniya shtatidan sobiq senator Jim Veb, Merilend shtatining sobiq gubernatori Martin Omalli va Rod-Ayland shtatining sobiq gubernatori Linkoln Chefi ommaviy so'rovlarda juda past baho olib kelmoqda. Lekin ularning ham debatda qatnashgani xalqqa bu siyosatchilar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

Berni Sanders va Hillari Klinton
Berni Sanders va Hillari Klinton

Prezidentlikka da'vogar demokratlarning hammasi AQSh yangi urushlarga kirmasin degan fikrida qat'iy, lekin ular bu davlat tahdidga qarshi javob berishga shay turishi shart, deb hisoblaydi. Harbiy mojaroga bosh suqish oxirgi yo'l bo'lishi kerak, deydi Martin Omalli.

Hillari Klinton davlat kotibi vazifasida ishlaganida shaxsiy elektron pochtasidan foydalangani federal tekshiruvlarga sabab bo'lgani tilga olinar ekan, xonim xato qilganini tan oldi. Bu borada Kongressga hisobot berishga shay ekanini aytib, biror noqonuniy holat qayd etilmagan, respublikachilar ataylab meni nishonga olmoqda, raqib tomonning maqsadi meni prezidentlik poygasidan chetlatish, dedi.

Sanders esa bu mavzu jonga tegdi, Amerika xalqi Klinton elektron pochtasi bilan bog'liq mashmashadan charchagan, deya safdoshlarini dolzarb masalalarga e'tibor qaratishga chaqirdi.

AQSh Milliy xavfsizlik agentligining fuqarolarni maxfiy ravishda kuzatish dasturini fosh etgan Edvard Snouden Rossiyaga qochib ketgan. U sotqinmi degan savolga Klinton Snouden qonun oldida javob berishi kerak, deb javob berdi. Chefi va Sanders fikricha, Snouden jazolanmasligi kerak va vatanda bemalol yashashga haqli. Omalli nazarida Snouden ko'plab amerikaliklarning hayotini xavf ostiga qo'ygan va javobgarlikka tortilishi lozim. Veb ta'biricha esa bu murakkab masala yanada izchil o'rganilishi zarur.

Obamadan qanchalik farqli prezident bo'lar edingiz deb so'ralganida, Klinton ayol kishi rahbar bo'lishining o'zi bu mamlakatda misli ko'rilmagan o'zgarishlarga turtki beradi, deb javob berdi. Obama boshlagan "to'g'ri ishlarni davom ettiramiz", biroq yangiliklar ham talay bo'lishi tayin, dedi Klinton.

Oila, qachon farzand ko'rish, dekret, bola tarbiyasi singari masalalar faqat ayollar muammosi emas, bu butun jamiyat va uning kelajagi bilan bog'liq masala, yengil qaralmasligi kerak, deya qayd etdi Klinton.

Sog'liqni saqlash sohasini tubdan isloh qilish kerak va tibbiy xizmat hozirgidek qimmat bo'lmasligini ta'minlash zarur, deya ta'kidladi Klinton va u bilan bahslashgan demokratlar.

Martin Omalli (chapdan) va Linkoln Chefi
Martin Omalli (chapdan) va Linkoln Chefi

Klinton reytinglarda oldinda. Uni o'z partiyasining 46 foizi qo'llab-quvvatlamoqda. Ikkinchi o'rinda Sanders ketmoqda, 24 foiz bilan.

Mamlakat bo'ylab saylovchilarning 41 foizi Klinton haqida ijobiy fikrda.

Respublikachilar orasida esa Donald Tramp liderlik qilmoqda, o'z partiyasi ichida 27 foiz bilan.

Ishonchga kelganda amerikaliklarning 35 foizi Klintonga tayana olishini aytadi. Trampga nisbatan ishonch 33 foiz.

Jim Veb (chapdan) demokrat raqiblari Berni Sanders va Hillari Klinton bilan
Jim Veb (chapdan) demokrat raqiblari Berni Sanders va Hillari Klinton bilan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG