Demokrat nomzodlar AQShda terrorizmga qarshi kurashni muhokama qildi

  • Amerika Ovozi

Kecha AQShning Ayova shtatida Demokratlar partiyasidan prezidentlikka da'vogar arboblar navbatdagi teledebatda qatnashdi. Parijdagi terror xurujlaridan bir kundan keyin o'tkazilgan tadbirda asosan terrorizm mavzusi muhokama etildi.

Sobiq davlat kotibi Xillari Klintonning aytishicha, "Islomiy davlat" jangari guruhiga eng katta xalqaro tahdid sifatida qarash kerak.

"Uni tag-tugi bilan yulib tashlash uchun davlatlar hamkorlik qilishi lozim", - dedi Klinton.

Uning saylov kampaniyasidagi raqibi senator Berni Sanders Klintonning 2003-yilda Iroqqa qarshi urush boshlashga Senatda ovoz berganini eslatdi.

“Iroq istilosiga qarshi chiqganman. Urush mintaqada salbiy oqibatlarga, al-Qoida va "Islomiy davlat"ning kuchayishiga olib keldi", - dedi Sanders.

Klinton va yana bir nomzod, Merilend shtati sobiq gubernatori Martin Omalli 65 ming suriyalik qochqinga AQShda boshpana berishga tayyor ekanini bildirdi.

“Albatta, ular sinchkovlik bilan tekshiriladi, mamlakatimizga dushmanlik qilmoqchi bo'lganlarning kirishini istamaymiz", - dedi Klinton.

Respublikachilar bu rejani tanqid qilmoqda.

Nomzod Donald Trampning "Prezident Obama 250 ming suriyalikni qabul qilmoqchi" degan gapini uni tinglagan odamlar norozilik bilan qarshi oldi.

"Madaniyatimizni tushunmagan, tilimizni bilmagan, sahroda yashagan odamlarni Amerikaga olib kelish ahmoqlik", - dedi yana bir respublikachi nomzod Mayk Xakkabi.

Demokratlarning keyingi debati dekabr o'rtalariga rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG