Prezidentlikka da'vogar demokratlar Janubiy Karolinada so'nggi teledebatda bellashdi

  • Amerika Ovozi

Debat paytida

Debat paytida

Kecha AQShda Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodlar navbatdagi teledebatda bellashib, ichki va tashqi siyosat xususida o'z fikrlarini bildirdi. Uch nomzod Eron bilan erishilgan xalqaro bitimga ham to'xtaldi. Ularning aytishicha, shartnomaning imzolangani hamda o'tgan hafta Eron qamoqxonalaridagi amerikaliklarning ozod etilgani ijobiy hol.

Sobiq davlat kotibi Xillari Klintonga ko'ra, Eron bilan munosabatlarni to'liq tiklashdan oldin Tehron hali yana qator qadamlar qo'yishi lozim, jumladan, mintaqada va, xususan, Suriyada siyosatini tuzatishi zarur.

Vermont shtatidan Senatga saylangan Berni Sanders ham Eron bilan harbiy to'qnashuvsiz yadroviy bitimga erishilganini olqishladi, biroq Tehronda AQSh elchixonasini ochishga shoshilmasdim, deydi u.

Klinton, Sanders hamda Merilend shtati sobiq gubernatori Martin Omalli "Islomiy davlat"ga qarshi kurashda Qo'shma Shtatlar yolg'iz harakat qilmasligi kerak, deydi. Sandersga ko'ra, musulmon davlatlarni harbiy harakatlarga jalb qilish kerak, ular o'z harbiylarini Suriyaga yuborishi lozim, Rossiya bilan hamkorlikni oshirish zarur.

Klinton esa Suriya Prezidenti Bashar Assaddan qutulish kerak, deydi. Omalliga ko'ra, AQShning "Islomiy davlat"ga qarshi samarali kurashishi uchun mintaqada josuslari yetishmaydi.

Da'vogarlar ichki siyosat, iqtisodiyot xususida qattiq tortishdi. Sanders davlat oliygohlarida o'qishni bepul qilishga va'da berdi, tibbiy xarajatlarning yuqoriligida sug'urta kompaniyalari hamda farmatsevtika sanoati manfaatlarini himoya qiluvchi lobbichi guruhlarni aybladi.

Nomzodlar bank sanoatini tartibga solishga, badavlat amerikaliklarga solinayotgan soliqni ko'tarishga ham va'da berdi.

Bu demokrat nomzodlarning Janubiy Karolina shtatida o'tgan to'rtinchi va so'nggi teledebati edi. 1-fevraldan partiyadan yagona nomzod bo'lish uchun shtatma-shtat saylovlar boshlanadi. So'rovlarda hozircha Klinton birinchi, Sanders ikkinchi va Omalli uchinchi o'rinda ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG