Oq uyga intilayotganlar terrorizmga qarshi qanday kurashmoqchi?

  • Amerika Ovozi

AQShda prezidentlikka saylanishga harakat qilayotgan demokrat da'vogarlar orasida terrorizm bosh mavzu. Fransiyada ro’y bergan terror xurujlari Qo'shma Shtatlarni ham xavotirga solib, o'nlab shtatlar qochqinlarni qabul qilmoqchi emas.

Demokratlardan yetakchi nomzod - sobiq tashqi ishlar vazirasi Hillari Klinton “Islomiy davlat” guruhi yengilayapti degan fikrlarga qo’shilmaydi.

“Islomiy davlat” guruhiga eng katta xalqaro tahdid deb qarash kerak. Uni yakson qilishdan boshqa yo’l yo’q. Buni faqatgina AQSh bajara olmaydi”, - deydi Klinton.

Yana bir nomzod, senator Berni Sanders:

“Boshqa davlatlar ham faolroq bo’lsin, qo’shin ajratsin. Haqiqiy islom uchun, bu din mohiyati uchun kurash ketmoqda”.

Sanders Klinton 2003-yilgi Iroq urushiga ovoz berganini eslatdi:

“Iroqning bosib olish katta xato bo’lgan. Men qarshi ovoz bergan edim. O’sha urush Yaqin Sharqni ostin-ustun qildi, al-Qoida va “Islomiy davlat” paydo bo’ldi”.

Klinton va uning poygadagi yana bir raqibi Martin Omalli AQShda 65 ming qochqinni joylashtirishga qarshi emas, ammo ular obdon tekshirilishi lozim.

“Bizga dushman bo’lgan, yovuzlikni ravo ko’radigan odamlar Amerikaga qadam bosmaydi”,- deydi Klinton.

Respublikachi nomzodlar esa suriyalik qochqinlarga boshpana berishga qarshi.

“Prezident 250 ming suriyalikni qabul qilmoqchi”,- deydi respublikachi nomzod Donald Tramp.

“Madaniyatimizni tushunmagan, tilimizni bilmagan, sahroda yashagan odamlarni olib kelib, Amerikada joylashtirish - bundan ahmoqona taklif bo’ladimi”? - deydi yana bir respublikachi nomzod Myak Xakkabi.

Hillari Klintonning boylar, moliyachilar bilan tili bir, degan tanqidlar yangradi.

“Prezident oddiy xalqni bankirlarning tavvakkalchiligidan himoya qilishi kerak”, - deydi demokrat nomzod Martin Omalli.

Sobiq vazira moliyaviy sanoat bilan aloqalarini himoya qilayotib, 2001-yilgi terror xurujlarini tilga oldi.

“Albatta, Nyu-Yorkni qayta qurish bo’yicha ular bilan ishlaganman. Bu Nyu-York uchun yaxshi, iqtisodiyoti uchun foyda”,- deydi Klinton.

Ayova universiteti professori Steffen Shmit fikricha, Klinton debatda barcha savollarga puxta javob berdi.

“O’zini kuchli va qat’iyatli qilib ko’rsatdi. Tanqidlarga asosli javob berdi. Xotin-qizlar muammolarini ko’tarishga ham imkon topgani uchun olqishlandi”, - deydi ekspert.

Demokrat nomzodlarning navbatdagi debati dekabrda bo’lib o’tadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG