Dunyoda har 10 kishidan biri qand kasaliga chalingan

  • Amerika Ovozi

Dunyoda har 10 kishidan biri qand kasaliga chalingan

Dunyoda har 10 kishidan biri qand kasaliga chalingan

So’nggi 30 yil ichida jahon bo’ylab qand kasaliga chalingan odamlar soni ikki baravarga oshgan. Bugun 350 milliondan ziyod bemor bor. Shimoliy Amerika, Tinch okeanidagi orol-davlatlar hamda arab dunyosida kasallik sezilarli darajada ko’paygan.

Qand kasali, diabet - global muammo. Yaqinda Garvard Universiteti chop etgan ilmiy hisobotga ko’ra, yer yuzida har 10 kishidan biri bu dardga chalingan. Tadqiqotchi olim Gudarz Danayi Garvard universiteti olib borgan izlanishni izohla ekan, vaziyat og’ir deydi.

“Bugunga kelib qand kasali global tus olgan. U keng tarqalmagan jamiyat yo’q”.

Bemor qonidagi shakar miqdorini muntazam ravishda nazorat qilib borishi kerak

Bemor qonidagi shakar miqdorini muntazam ravishda nazorat qilib borishi kerak

Olimlar dunyo bo’ylab 200 mamlakatdan deyarli uch millionga yaqin insondan qon olib, undagi shakar darajasini tekshirgan. Qatnashuvchilarning aksariyatida kasallikning ikkinchi turi aniqlangan. Diabetning bu kategoriyasi qarilik, semizlik va kam harakat oqibatida paydo bo’ladi. Bunda qondagi shakar miqdorini bir maromda ushlab turish qiyin. Aholi soni ortgan sari diabet bilan kasallanganlar ham ko’paymoqda.

Doktor Danaiyning izohlashicha:

“Aholining 1-2 foizi diabetga chalingan bo’lsa ham bu katta raqam. Ayniqsa aholisi eng ko’p mamlakatlarda. Bu sog’liqni saqlash tizimiga, iqtisodga salbiy ta’sir qiladi, chunki bu bemorlarga qarash oson emas. Ular doimiy ko’rik va muolajaga muhtoj”.

Qand kasalini davolash, nazorat qilish – moliyaviy jihatdan juda qimmat jarayon.

Bemorlar nafaqat qondagi shakar darajasini kuzatib borishi, balki kasallik keltirib chiqargan boshqa muammolar bilan ham olishishi kerak. Jahon Sog’liqni Saqlash Tashkilotining bildirishicha, diabetga chalinganlarning 70 foizi kambag’al mamlakatlarda yashaydi. Ko’pchilik bemorlar kerakli dori-darmonni vaqtida sotib ololmaydi.

Qand kasali bolalar orasida ham ko'p uchraydi

Qand kasali bolalar orasida ham ko'p uchraydi

“Kasallik bilan kurashishning arzonroq yo’llarini qidirish kerak. Eng ma’qul yo’l, albatta, uning oldini olish. To’g’ri ovqatlanish. E’tibor bermasangiz, oqibati yomon bo’ladi”,- deydi doktor Danaiy.

AQShning eng ilg’or kasalxonalaridan biri Klivlend Klinikasi doktori Betul Xatipolu ham buni tasdiqlaydi.

Semizlik diabetga yetaklovchi sabablardan biri

Semizlik diabetga yetaklovchi sabablardan biri

“Bu yangilik emas. Qand kasali bilan kelayotganlar kundan kunga ko’payib bormoqda”.

Olimlar hukumatlarni kasalikka qarshi kurashni kuchaytirib, ko’proq mablag’ ajratishga undamoqda. Odamlar ko’proq bilsin, ogoh bo’lsin.

“Hammaga birdek maslahat beraman. Jismoniy tarbiya bilan shug’ullaning. Sog’lom ovqatlaning aks holda diabetga uchraysiz”,- deydi doktor Xatipolu.

Ayrimlar qand kasali avloddan avlodga o’tadigan kasallik deb o’ylaydi. Bu qisman to’g’ri, lekin yog’li ovqat ko’p yeb, o’zingizga qaramayotgan bo’lsangiz, siz undan mustasno emassiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG