“Raqamli kutubxonalar yaxshi, lekin bosmalarini unutmaylik”

  • Amerika Ovozi

Ayrim mualliflar va ularning oilalari o’z kitoblari kompyuterga ko’chishini istamaydi va bunga ruxsat bermay keladi

Ayrim mualliflar va ularning oilalari o’z kitoblari kompyuterga ko’chishini istamaydi va bunga ruxsat bermay keladi

Amerikada kutubxonalar raqamli texnologiyaga o’tmoqda. Yangi tizimlar yaxshi, deydi mutaxassislar, lekin bosma asarlarni ham qo’ldan boy bermaslik kerak.

Kaliforniya Universiteti (California State University, Northridge) boy, muhtasham kutubxonalari bilan tanilgan. Avtomatlashgan javonlar, qutilarda hammasi taxt. Keragini tez topasiz.

Los Anjeles shahridagi bu ta’lim dargohida milliondan ziyod kitoblar, millionlab jurnal va gazetalar saqlanadi.

Barcha kataloglar raqamli. Studentlar darsda ana shulardan foydalanadi.

Kutubxona g’aznasida minglab nodir adabiyotlar va hujjatlar bor.

XVIII asrga oid mana bu sayohatnoma haqiqiy javohir. Bugun chiqayotgan aksariyat akademik jurnallar asosan raqamli shaklda, deydi kutubxona dekani Mark Stover.

“Bugun obunamizdagi jurnallarning, menimcha, 90 foizi elektron holatdagi nashrlar. Ammo kitoblar va monografiya – yirik ilmiy ishlarga kelsak, ular umuman boshqa masala”.

Bu singari adabiyotlar ko’pincha bosma shaklda bo’ladi. Biologiyani o’rganayotgan talaba Liza Ochoaga shunisi yoqadi:

“Kompyuter yaxshi, lekin qog’oz, kitoblarni sevaman”.

Bosma mahsulotni raqamli formatga ko’chirib, keng ommaga osonroq yetkazish uchun ishlar olib borilmoqda. Qadim qo’lyozmalar, xatlar va eski gazeta-jurnallar ustida mehnat qilinmoqda. Kutubxonachi Stiv Kutay fikricha, shunda bu asarlar hali uzoq xizmat qiladi, avlodlarga yetib boradi.

Kaliforniya Davlat Universiteti, Oviatt raqamli kutubxonasi

Kaliforniya Davlat Universiteti, Oviatt raqamli kutubxonasi

“Yo’qolib qolmaydi, xohlagancha nusxa saqlab qo’yish mumkin bo’ladi. Bu boylikni shunaqa himoya qilish lozim. Albatta, 10, 20 yildan keyin o’sha fayllarda nima borligini esdan chiqarmaslik muhim”.

Xelen Xeynrix kataloglarga joylash, raqamlashtirilgan kitoblarni alohida saqlash jarayoniga mas’ul.

Biror kor-hol ro’y bergan taqdirda bosma adabiyotlarni topa olishimiz muhim, deydi mutaxassis.

“Sir emas, hammamiz internetga bog’lanib qolayapmiz. Kiber-xurujga uchrasak, bularning hammasi uchib ketadi-ku! O’shanda bosma nusxalarga murojaat qilamiz”, - deydi Xeynrix.

Raqamli kitoblarni varaqlash mumkin

Raqamli kitoblarni varaqlash mumkin

Texnologiya rivojlangani sari kutubxonalar tubdan o’zgarayapti. Lekin ayrim mualliflar va ularning oilalari o’z kitoblari kompyuterga ko’chishini istamaydi va bunga ruxsat bermay keladi, deydi Mark Stover.

“Kolleksiyalarimizni o’zgartirib boramiz. Shunday qilaylikki, studentlar bilim olishi osonlashsin. Xohlasa elektron, xohlasa qog’oz nashr… Lekin nazarimda, mualliflik huquqini inobatga olsak, bosma asarlar hali-beri muomaladan chiqmaydi”.

Muhimi talabalarda unisini ham, bunisini ham qo’llash imkoni bor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG