Breaking News

Vashingtonda nogiron faxriylar sharafiga yodgorlik o'rnatildi


Vashington, 5-oktabr, 2014
Vashington, 5-oktabr, 2014

Vashingtonda qad ko’targan ayrim yodgorliklar vatan uchun jonini bergan harbiylarga bag’ishlanadi. 5-oktabr kuni shaharda ana shunday yana bir yodgorlik ochildi. Memorial xizmat paytida mayib bo'lgan barcha harbiylarga ataladi.

Bu nogiron harbiylarni sharaflovchi ilk yodgorlikdir. Bir gektar yerda joylashgan xotira maydoni shahar markazida, Kapitoliyga yaqin joylashgan. Yodgorlik besh qirrali yulduz shaklidagi favvora bo’lib, AQSh qurolli kuchlarining besh qo’shin turini ifoda etadi. Oynali panellar esa nogironlarning nozikligi ramzidir.

Ron Xoup 1969-yili Vyetnamdagi urushda bir qo’lidan ayrilgan. U hozirda Nogiron amerikalik faxriylar jamg’armasini boshqaradi.

“Menimcha, yodgorlikka nafaqat nogiron faxriylar, balki ularning oilalari, yaqinlari, g’amxo’rlari, avlodlari ham kelib, bu mamlakat tinchligi va ozodligi qanchalik qimmatga tushganini ko’rishadi”, - deydi u.

Xoup AQShda yashayotgan ana shunday to’rt million faxriydan biri. Yodgorlik devorlarida vatan uchun qilgan fidoiyliklarini kuylovchi satrlar bitilgan. Uning oynali qismiga esa yarador faxriylarning qiyofalari tushirilgan.

Xoupning aytishicha, bu insonlarning aksariyati uchun hayot kurashga aylangan, ayrimlari esa jamiyat e’tiboridan chetda qolganidan xafa.

“Ba’zida amerikaliklar nogiron faxriylar muammolarini qanday hal etishni, qanday muomala qilishni bilmagani uchun o’zlarini ulardan olib qochadi. Bu esa jismoniy yaradan ham og’irroq botadi”, - deydi urush faxriysi.

Yodgorlikning o’rnatilishida saxovatpesha Lui Poupning hissasi katta. U salkam 20 yil oldin reabilitatsiya markazida askarlar bilan uchrashib, shunga ahd qilgan edi. Poup tashabbusi bilan tashkil etilgan jamg’arma 80 million dollardan ko’p pul to’plashga muvaffaq bo’ldi. Shundan 10 million dollari uning shaxsiy puli.

“Bu nogiron faxriylarning fidoiyliklari, hanuz davom etayotgan kurashi, jamiyatda inkor etilishi haqida amerikaliklarni xabardor qilib, bu insonlar alohida hurmatga sazovor ekanini eslatib qo’ymoqchimiz”, - deydi saxovatpesha bu ayol.

Poupning aytishicha, nogiron faxriylar sharafiga o’rnatilgan yodgorlik urushning naqadar shafqatsiz ekanini odamlarga eslatib turadi. Memorial bu yerga kelgan insonlarni hayot, umid, tinchlik, jismonan zaif bu odamlar va ularning oila a’zolari haqida o'ylantiradi deb umid qilaman, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG