AQSh musulmonlari: Saylovda adolatli, insofli nomzod yutsin

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama chiqishini musulmonlar diqqat bilan tingladi

Prezident Obama chiqishini musulmonlar diqqat bilan tingladi

Prezident Obama San-Bernardinodagi xuruj, islom va musulmonlarga nisbatan tobora kuchayib borayotgan nafrat haqida gapirganda uni butun dunyo musulmonlari diqqat bilan tingladi.

Ular orasida Nyu-Jersining Nyuark shahridagi Ibrohim majsidi imomi Mustafo el-Amin ham bor edi. Uning fikricha, prezident amerikaliklarga “Islomiy davlat” jangari guruhi va boshqa terrorchilar islom nomidan gapirmaydi, musulmonlar vakillari emas, ularning qurbonlari orasida aslida musulmonlar juda ko’p, deb to’g’ri aytdi.

“Terrorizmni yengishning yaxshi yo’li - musulmonlarni shubha va nafrat bilan o’zidan bezdirmasdan, ularga hamkordek yondashish. Afsuski, prezidentlikka nomzodlarning ayrimlari bunday qilmayapti”, - deydi imom.

Afro-amerikalik el-Amin aholi orasidagi obro’si baland. Masjidimizga Amerikaga turli mamlakatlardan kelgan erkak va ayollar qatnaydi, deydi.

Imom Mustafo El-Amin Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi bilan

Imom Mustafo El-Amin Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi bilan

U – demokrat saylovchi, Obama uchun ikki marta ovoz bergan. Ammo Nyu-Jersi gubernatori, prezidentlikka respublikachi nomzod Kris Kristini musulmonlarni doim himoya qilgani uchun hurmat qiladi.

"U bundan buyon ham o’z qadriyatlari va prinsiplariga sodiq qoladi, degan umiddaman”, - deydi imom Kristi haqida.

Iqtisodiy va ijtimoiy adolat

Bu mahallalarda yashaydigan musulmonlarning ayrimlari kimga ovoz berishini hali bilmaydi.

Abdusobir Shokirulla – afro-amerikalik musulmon, masjidga kelib turadi. Menga Berni Sanders qarashlari ma’qul, deydi iqtisodiy va ijtimoiy adolat uchun kurashib kelayotgan demokrat nomzod haqida.

Ibrohim masjidida namoz

Ibrohim masjidida namoz

“...u ijtimoiy adolat haqida gapiryapti. Islomda ham beva-bechoralarga yordam berish amali kuchli”, - deydi u.

Immigrantlar orasida iqtisodiy adolat - eng muhim masalalardan, deya tushuntiradi Long-Aylend fuqarolar markazidan Stiv MakFarland. Yana biri – immigratsiya qonunlari islohoti.

“Immigratsion islohotlar zarurligini hamma yaxshi tushunadi. Ish topish va ishlash huquqi, qonuniy maqom, shu kabi mavzular muhojirlar uchun nihoyatda muhim”, - deydi u.

“Eng xavfsiz joy”

Musulmonlar jamoasiga kelsak, imom el-Aminning aytishicha, asosan afro-amerikaliklar va ispanzabon muhojirlar yashaydigan bu mahallada birdamlik hissi kuchli. Masjid esa musulmonlar uchun eng xavfsiz joyga aylangan.

“Mahallamizda musulmonlar obro’si juda baland. Musulmon odam menga boshqalar hujum qilishi mumkin, deb qo’rqmaydi. Masjidni hech kim iflos qilib, bulg’amaydi”, - deydi imom.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG