Yosh amerikaliklar nazarida birorta nomzod prezidentlikka loyiq emas

  • Amerika Ovozi

AQShdagi prezident saylovlari nafaqat bu mamlakat, balki butun dunyo bo'ylab qizg'in muhokamada, lekin ko'plab amerikaliklar, xususan yoshlar 8-noyabr kuni ovoz bermasligi mumkin.

“Ochig’i, tushunmay qoldim. Ovoz bersammi, bermasammi. Ma’naviy tomondan qiyin ahvoldaman”, - deydi Loren Rays ismli talaba.

Talabalar va mamlakat bo’ylab saylovga chiqishni o’ylamayotgan odamlar bir-biriga o’xshab ketadi. Ammo bu ularda siyosiy jarayonga qiziqish yo’q degani emas.

“Saylovda qatnashmasligimiz bizga baribir deganimas”, - deydi Rob Karter.

Oxirgi saylovda ovoz bermaganlarning 30 foizidan ortig’i 30 yoshgacha bo’lganlar edi.

“Asosan yosh, moliyaviy tomondan qisilgan, ozchilik guruhlarga aloqador odamlar ovoz bermaydi. Saylovga kattaroq yoshdagilar, o’ziga to’q bo’lganlar, oq tanlilar chiqadi odatda”, - deydi ijtimoiy fikrni o'rganuvchi "Pew" markazidan Kerol Doerti.

Oldingi ikki saylovda ishtirok etgan fuqarolar tarkibini o’rgangan mutaxassis aholining ovoz beruvchi va bermaydigan qatlami orasida moliyaviy farq katta ekanini aytadi.

“Saylovga chiqmaydiganlarning atigi yarmida kredit kartasi borligi ma’lum bo’ldi. Bu ularning moliyaviy ahvolidan darak beradi, ya’ni daromadi kamroq, oliy ma’lumot olish ehtimoli yo’qroq”.

Bu guruhdagi saylovchilar kimga ovoz berishini bilmaydi. Ozchilikdagi guruhlardan chiqqan saylovchilar, masalan, latinolar ham saylov uchastkasiga chiqmasligi mumkin.

Loren Rays shulardan biri. Demokratlar partiyasidan peshqadam nomzod Xillari Klintondan ko’ngli qolganini aytadi.

“Oq tanli bo’lmagan, ozchilikdagi guruhlar vakillarining ovozlarini olish uchun ishga solayotgan usullaridan uyalishi kerak u. U har bir toifadagi odamlarga yaqinligini ko’rsatmoqchi bo’ladi, ammo ular yashagan hayotni yashamagandan keyin bu juda qiyin”, - deydi u.

Raysning aksariyat kursdoshlariga ko’ra, ular o’zlarini tushunadigan nomzodga ovoz bermoqchi bo’ldi, ammo bundaylari topilmadi.

“Qur’a tashlab, yangi nomzodlarni tanlasak yaxshi bo’lar edi, hozirgilarining tomi ketgan”, - deydi Kodi Berges ismli talaba.

Yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, har 10 saylovchidan olti nafari arzigulik nomzod yo’qligini aytgan. Bu achinarli hol, deydi Kodi Berges.

“Saylovga chiqgim keladi, ammo yurakdan ovoz berishimga loyiq nomzod bo’lmasa, borolmayman”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG