Amerikada yashash, ishlash imkoniyati… Lotereya o’ynang!

  • Amerika Ovozi

Amerikada doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi “Green Card” lotereya o’yini allaqachon boshlangan va 3-noyabrgacha davom etadi.

Qo’shma Shtatlar – turli din va madaniyatlarni o’zida mujassam etgan o’lka. Ammo 300 milliondan oshiq aholi orasida ayrim etnik guruhlar hamon oz ekani sabab AQSh hukumati har yili tanlov orqali 50 ming viza ulashadi. Aynan immigrantlar kam oqib kelayotgan davlatlarning fuqarolari uchun.

Dasturning nomi - Turli Millatlar Vakillari uchun Immigratsion Viza Lotereyasi.

Markaziy Osiyoning besh respublikasi fuqarolar bemalol qatnashishlari mumkin. O’zbekiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, Tojikiston va Turkmaniston. O’rta maktabni tamomlagan bo’lishingiz kerak yoki 9-sinfdan keyin ikki yillik ish tajribasiga ega bo’lishingiz lozim. Qo’shimcha ma’lumotlar: travel.state.gov

Arizalar elektron ravishda dvlottery.state.gov sahifasida to’ldiriladi. Qo’lda yozilgan hujjatlar qabul qilinmaydi. Anketada o’zingiz va oila a’zolaringiz haqidagi savollarga javob berasiz. Pasport uchun tushilgan muayyan o’lchovdagi surat so’raladi.

Barcha ma’lumotlar taqdim etilgach, sizga ro’yxatdan o’tganingizni tasdiqlovchi maxsus kod beriladi. Uni saqlab qo’yishni unutmang, chunki natijani faqat shu kod orqali bilasiz.

Anketani bir shaxs uchun bir marta to’ldirish kifoya. Bir necha bor topshirsangiz, chetlatilasiz. Umr yo’ldoshingiz grin kartada alohida qatnasha oladi.

O’yinda ishtirok bepul. Sizning nomingizdan to’ldirib, haq oladigan kompaniyalar ham bor albatta.

Ayni damda 2016-yil uchun registratsiya boshlangan va 3-noyabrgacha davom etadi. Lekin so’nggi daqiqagacha kutib o’tirmang. Talab oshgan sari veb sahifaning ishlashi ham og’irlashadi.

Grin kartani yutish-yutmaslik omadga bog’liq. Hammasini kompyuter hal qiladi. Shuni unutmangki, AQSh Davlat departamenti sizga anketangiz qabul qilingani yoki o’yin natijasi haqida sizga maktub yo’llamaydi. Natijani kelgusi yil may oyida tekshirish sizning vazifangiz: dvlottery.state.gov

Agar lotereyani yutsangiz, sizni AQSh elchixonasi yoki konsullik idorasiga suhbatga chaqirishadi va o’sha yerda anketa uchun haq to’laysiz. AQSh hukumati hech qachon oldindan to’lov talab qilmaydi. Yana bir bor ta’kidlash joiz, o’yinda ishtirok bepul.

“Amerika azaldan millionlab muhojirlarga, dunyoning turli chekkalaridan kelgan insonlarga quchog’ini ochgan. Bizning o’zimizga xosligimiz shunda. Kuchimiz xilma-xillikda”, - deydi prezident Barak Obama.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG