Demokratlar musulmonlarni siyosiy jihatdan faol bo'lishga chaqirmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda saylov kampaniyasi avjida ekan, Demokratlar partiyasi turli demografik qatlamlarni qamrab olishga urinmoqda. Musulmonlar ana shunday guruhlardan biri. To’rt yil avval partiya tarkibida musulmonlar yig’ini tashkil etilgan edi. Hozir ham musulmonlar orasida demokratlarni qo’llab-quvvatlovchilar ko’p.

2001-yil 11-sentabr voqealaridan beri AQShda islom diniga e’tiqod qiluvchilar soni qariyb ikki baravar oshdi. Muhojir bo’lib kelgan musulmonlar orasida diskriminatsiyaga uchraydiganlar ko’p. Amerikada 29 yoshgacha bo’lgan musulmonlarning yarmi saylovda ishtirok etish uchun ro’yxatdan o’tgan. Ammo “Gallup” tadqiqot markazi so’roviga ko’ra, bu diniy guruhlar orasidagi eng past ko’rsatkich. Kaliforniyadan demokratlarning Vashingtondagi qurultoyiga kelgan delegat Nadiya Husayn internetda Amerika musulmonlari haqida blog yozadi.

“Ovoz berish va jamiyatda faol ishtirok etish ular orasida an’anaga aylanmagan. Mamlakatda musulmonlarga qarshi ro’y berayotgan salbiy qarash bilan bog’liq ishlar ham ularni jamiyatdan yanada ajratib qo’ygan”, - deydi u.

Kongressga saylangan ikki musulmon bu narsani o’zgartirish niyatida. 2006-yil Vakillar Palatasiga Minnesotadan saylangan Kit Ellison birinchi musulmon kongressmen. U musulmon demokratlar yig’inida mavjud diskriminatsiya holatlari haqida gapirdi.

“Bular bizni yanada faolroq bo’lishga undaydi. Nafaqat Demokratlar partiyasiga, balki o’zimiz mansub bo’lgan turli jamoalarga ta’sir ko’rsatishimiz lozimligini ko’rsatadi”, - deydi kongressmen.

Musulmon faollar ham ana shunday fikrda. Bu yilgi demokratlar anjumanida qatnashgan olti ming vakilning 100 nafari musulmon. Bu to’rt yil oldingi ko’rsatkichdan ikki baravar ko’p.

Ogayolik delegat Katina Xurani amerikalik hindular vakili, islom dinini qabul qilgan. Saylov orqali amerikaliklarning musulmonlarga oid qarashini o’zgartirish mumkin, deydi u.

“Bir bo’lib ovoz berishimiz kerak. Bizning qarashlarimizni, musulmonlarni himoya qiluvchi nomzodlarni saylasak, nafrat va qo’rquv o’z-o’zidan yo’q bo’ladi”, - deydi Xurani.

O’tgan saylovda Amerika musulmonlarining 90 foizi Obama uchun ovoz bergan. Musulmon delegatlar bu safar ham ularni xuddi shunday qilishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG