Demokratlar Klintonni prezidentlikka yagona nomzod etib tanladi

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq Davlat kotibi Hillari Klinton yirik siyosiy partiyadan prezidentlikka nomzod sifatida ko’rsatilgan ilk ayol bo’ldi. Saylov 8-noyabrda bo’ladi va Klintonning asosiy raqibi - respublikachi nomzod Donald Tramp.

Tadbirkorni mag’lub etish uchun Klinton oldida demokratlarni birlashtirishdek qiyin vazifa turibdi.

Klinton nomzodining tasdiqlanishi Amerika uchun tarixiy voqea va tarix Filadelfiya shahrida, Demokratik partiya syezdida bitildi.

Bungacha ham kichikroq partiyalardan nomzod ayollar bo’lgan va bor, biroq Klintonning yirik partiyadan nomzod bo’lishi Amerikada ayol kishining ilk bor prezidentlikka saylanish ehimolidan nishonadir.

Shu kungacha Amerikaning barcha shtatlarida o’tgan partiyaviy saylovlarda Klintonga ovoz bergan delegatlar Filadelfiyadagi qurultoyda unga yana bir bor ovoz berdi.

Klinton ularga Nyu-Yorkdagi uyidan turib teleko’prik orqali minnatdorchilik bildirdi.

“Bu sizning ham g’alabangiz”, - dedi u.

Qurultoyda nomzodning turmush o’rtog’i, ikki muddat prezidentlik qilgan Bill Klinton ham so’zga chiqdi.

“Hillariga ovoz berasizlar degan umiddaman. O’z farzandlari, nabiralarining kelajagi haqida qayg’urgan odamlar unga ovoz berishi kerak, chunki biz kurramizdagi bu buyuk mamlakatda hamisha ertani o’ylab ish qilganmiz. Farzandlaringiz va nabiralaringiz Hillariga bergan ovozingiz uchun hali sizga rahmat aytadi”, - dedi Bill Klinton.

Birlamchi saylovlarda Hillari Klinton bilan teppa-teng olishgan demokrat-sotsialist Berni Sanders ham ma’ruza qilib, o’z tarafdorlarini kechagi raqibiga ovoz berishga chaqirdi.

Biroq Sandersni qo’llab-quvvatlab kelgan va uning yagona nomzod bo’la olmaganidan hafsalasi pir bo’lgan delegatlar va saylovchilar o’z noroziligini syezdni tark etish bilan ifoda etdi.

Sandersning ogayolik delegati Maykl Gromning aytishicha, Sanders tarafdorlari ularning ovozi inobatga olinmaganidan, demokratiyani yirik korporatsiyalar o’zlashtirib olganidan norozi.

Bu o’rtada respublikachi nomzod Donald Tramp saylovchilari bilan uchrashmoqda. 26-iyul kuni u Shimoliy Karolinada bo’lib, Klintonning urush faxriylariga munosabatini tanqidga oldi.

“Uning veteranlarimizga qanday g’amxo’rlik qilishini yaxshi bilamiz. Liviyadagi urush va Bing’ozidagi voqeani eslang, tamoman layoqatsizlik”, - dedi Tramp.

Demokratlar syezdida Prezident Barak Obama, Vitse-prezident Jo Bayden, vitse-prezidentlikka nomzod Tim Keyn ham so’zga chiqishi kutilmoqda. Klintonning chiqishi esa 28-iyulga rejalangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG