Islom Karimov qayta saylanishi aniq, lekin nomzod bo'lishga haqlimi?


Islom Karimov uchun bu to'rtinchi saylov, vaholanki, bosh qomusga ko'ra, bir kishi ikki muddat prezidentlik qila oladi xolos. Hukumat tushuntirmaydi.

Islom Karimov uchun bu to'rtinchi saylov, vaholanki, bosh qomusga ko'ra, bir kishi ikki muddat prezidentlik qila oladi xolos. Hukumat tushuntirmaydi.

O'zbekiston ertaga prezident saylovlari o'tkazishga shay lekin xalqaro maydonda shunday savollar yangramoqda: mamlakatning chorak asrlik rahbari Islom Karimov lavozimida qolishga haqlimi, aniqrog'i, prezidentlikka qayta saylanish, yana bir bor nomzod bo'lish huquqiga egami?

O'zbekiston bosh qomusining 90-moddasiga ko'ra, bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq prezident bo'lishi mumkin emas.

Yuqoridagi savolga hukumat javob bermaydi. O'zini eshitmaganga oladi. Rasmiylar norasmiy muloqotlarda mujmal izohlar bilan cheklanadi. "Xalq shuni istaydi" yoki "bu xalq irodasi" degan gaplarni eshitasiz.

Ayrimlar nazarida esa yurti uchun shuncha yil xizmat qilib qo'ygan odamni bir partiya yana nomzodlikka tanlagan ekan, nima uchun buni savolga tutish kerak? Boshqa bir tomonga ko'ra, Karimov hech kimga biror narsani tushuntirishi yoki asoslab berishi shart emas.

Hukumatga ishlaydigan ekspertlar orasida keng tarqalgan talqin shuki, konstitutsiyaga kiritilgan o'zgarishlar sabab oldingi muddatlar hisobga olinmaydi.

Demak, prezidentlik muddati 2002-yilda besh yildan yetti yilga uzaytirilganida, 2011-yilda yana besh yilga qaytarilganida avvalgi xizmat davri bekor qilinganmi? Asos qani? Xalq biror izohga arzimaydimi?

Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining cheklangan missiyasi saylovoldi jarayonini kuzatar ekan, bu masalani ko'tardi biroq guruh bergan hisobotdan shu narsa ayonki, javob yo'q. Fuqarolardan tushgan arizalar hozircha inobatsiz qoldirilgan. Markaziy saylov komissiyasi esa uning ishi nomzodni ro'yxatga olish va ovoz berish jarayonini tashkillashtirish ekanini ro'kach qilib o'zini olib qochmoqda.

Konstitutsion sud-chi? U nega jim? Bu organ mana shunday paytda masalani oydinlashtirishi, keng ommaga nima bo'layotganini tushuntirib berishi kerak emasmi?

Karimov tashqi dunyo fikriga ko'z yumishi mumkin biroq o'z xalqini hurmat qilmaydimi? O'zbekiston fuqarolari u nima uchun hukmronlikda qolayotganini bilishga haqli emasmi? Xorijiy tashkilotlar, huquq himoyachilari, tahlilchi jurnalistlar shu savollarni bermoqda.

G'arb matbuotida chiqqan maqolalarda Islom Karimov ayyor va mug'ombir lider sifatida tasvirlanadi. Nafaqat o'z xalqi balki dunyo ko'zini shamg'alat qilib, yana bir bor qayta saylanib olinayotgan diktator deya yoritiladi.

Bu haqiqat, deydi "Human Rights Watch" tashkilotining O'zbekiston bo'yicha eksperti Stiv Sverdlov (Steve Swerdlow ) "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

“Unaqasiga olib qaraganda, bunaqasiga olib qaraganda ham, Islom Karimov yana bir bor saylanishiga ruxsat berilmaydi. Asos yo'q bunga. Konstitutsiya buzilmoqda. Prezidentlik muddati ikki martadan oshmasligi shart. Karimov esa to'rtinchi bor saylanib olmoqchi. Prezident konstitutsiyaga bosh egishi, davlat rahbari sifatida uni e'zozlashi kerak, aslida esa u bu oliy hujjatni oyoqosti qilmoqda".

Qolgan uch nomzod xalqni va jahon ommasini aldash uchun tanlangan shaxslar, deydi Sverdlov.

Fransiyada yashayotgan huquq faoli, vatanda moliyaviy jinoyatlarda ayblanib sudlangan Nadejda Atayeva tahlilicha esa aslida ertangi saylov demokratik jarayon ekaniga hech kim ishonmaydi, chunki O'zbekistonda siyosiy erkinlik yo'q. Mustaqil harakat qilish mumkin emas. Muxolifat mavjud emas. Atayeva Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi degan tashkilotga rahbarlik qiladi.

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro federatsiya nazarida esa O'zbekistondagi saylovlar aldamchilikdan boshqa narsa emas.

Huquq va erkinlik muntazam ravishda poymol etiladigan jamiyatda rahbar yolg'on gapirib o'rganib ketgan, deya tanqid qiladi Yevropada asoslangan bu tashkilotlar.

Bosh idorasi Nyu-Yorkda joylashgan "Human Rights Watch" tashkiloti vakili Stiv Sverdlov esa Karimovning 2014-yilning dekabrida, Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan nutqini eslatadi.

“O'shanda Karimov aytdiki, O'zbekiston mustaqil, demokratik davlat bo'lib, inson manfaatlari, huquq va erkinliklari hamda qonun ustuvorligi ta'minlangan, fuqaro jamiyati rivojlangan mamlakat bo'lish uchun harakat qilmoqda. Lekin mana yana bir bor guvohmizki, Karimov aslida bu gaplar bilan, ya'ni demokratiya haqidagi quruq xitoblari bilan o'z diktatorlik tizimini yopishga urinmoqda. Minglab siyosiy mahbuslarga ega, matbuoti bo'g'ilgan, fuqaro jamiyati faollari esa yo qamoqda yo xorijga chiqib ketishga majbur bo'lgan davlatga boshchilik qilmoqda u. Dunyoni alday olmaysiz, aybingizni qanchalik yopmang, hammasi hammaga ko'rinib turibdi",- deydi Sverdlov.

Prezident Karimov oilasi tinch emasligi hammaga ma’lum, deydi Stiv Sverdlov.

Xalqaro maydonda moliyaviy jinoyatlarda gumon qilingan, Yevropadagi mulklari musodara etilgan to’ng’ich qizi Gulnora Karimova, ayrim manbalarga ko’ra, hozir Toshkentda uy qamog’ida. Haqiqatni aniqlash qiyin, deydi Stiv Sverdlov. Xorij va vatandagi tergov ishlari davom etmoqda. Gulnora Karimovaga qarshi yangi ma’lumotlar mavjud.

“Human Rights Watch” pozitsiyasi shuki, bu ayol kim bo’lishidan qat’i nazar, uning huquqlari himoya qilinishi kerak. Uning advokati bormi? Nega hukumat ma’lumot bermaydi? Agar prezidentning qiziga munosabat shunday bo’lsa, boshqalarning huquqlari qanchalik buzilayotganini tasavvur qilavering, deydi Sverdlov. Gulnora Karimovaga qarshi G’arbda ketayotgan jinoiy ishlar hal etilishi uchun O’zbekiston hukumati bu davlatlar bilan hamkorlik qilmas ekan, haqiqatga yetish qiyin, deydi Sverdlov. Gulnora Karimova masalasi korrupsiya chuqur ildiz otgan muhitda inson huquqlarini poymol etish qanchalik oson ekanini isbotlab turibdi, deydi u.

Prezidentning kichik qizi Lola Karimova-Tillyaeva respublikaning - BMT Ta’lim, ilm-fan va madaniyat agentligi - YUNESKO dagi elchisi. Opa-singil uzoq yillardan beri aloqada emas. 12-mart kuni O’zbekistonning AQShdagi elchixonasida o’tgan madaniy tadbir bilan Lola Karimova o’zini Vashingtonga tanishtirdi. U bilan gaplashgan har bir rasmiy yoki namoyanda u kimning qizi va kimning singlisi ekanini juda yaxshi biladi.

Madaniy tadbirlar o’z yo’liga, deydi Stiv Sverdlov, lekin Lola Karimova huquq va qonunga ishonsa, o’z xalqi manfaatlarini himoya qilishi zarur. Yurti dardini bilsa, buni namoyish etsin, deya undaydi Sverdlov. Hamma narsa xohish va irodaga bog’liq, deydi “Human Rights Watch” vakili.

O'zbekistonda shu paytgacha o'tgan biror saylov erkin yoki adolatli deya baholanmagan. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratiya va inson huquqlari idorasi saylovlarni kuzatib keladi. O'tgan yilning oxirida o'tgan parlament saylovlarini raqobat va bellashuvsiz kechgan va xalqaro talablarga javob bermagan, adolatsiz tanlov deya hisobot bergan.

Xo'sh, O'zbekistonning G'arbdagi hamkorlari nima deydi? AQSh va Yevropa Ittifoqidan saylov oldidan biror bayonot yo'q. Rasmiylar elchixona va vakolatxonalar orqali kuzayotganini aytib, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti missiyasini quvvatlab, uning ishiga ishonch bildirmoqda. Bu guruh hisobotiga qarab, saylovga baho beriladi, deydi diplomatlar.

Karimovning qayta saylanishga haqqi bormi yoki yo'qligi esa bu xalqning muammosi, javobni unig o'zi izlashi va masalani ommaning o'zi muhokama qilishi kerak, deydi G'arb siyosatdonlari. Dunyo O'zbekiston konstitutsiyasida nima deyilganini biladi, biroq uzoq yillik rahbar yana nomzod etib ko'rsatildi, siyosiy partiya tomonidan.

Rahbariyat ko'pchilik Karimov xizmatidan mamnun deya ishonch bildirib keladi. Toshkentdagi tadqiqot markazlariga ko'ra, ommaviy so'rovlarda prezidentning reytingi 90 foizdan tushmaydi.

Xalqaro hamjamiyat tomosha qiladi, ovoz bermaydi.

"Amerika Ovozi" bilan yanvar oyida qilgan suhbatida AQSh Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Daniel Rosenblum Vashington pozitsiyasini shunday bildirgan edi:

"Ochig’i, bu borada biror narsa demoqchi emasmiz. Jarayonni yaqindan kuzatamiz. Prezident Karimov qayta saylanish uchun rasman nomzod ekani ma’lum va shunisi aniqki, uning saylanish ehtimoli ham yuqori".

"Amerika Ovozi": To’rt nomzod bor… Kim g’olib chiqishini oldindan ayta olasizmi?! (Kulgi)

"Bu haqda bashorat qilmaymiz. (Kulgi) Lekin saylovlarni ko’zdan qochirmaymiz. Haqiqat shuki, O’zbekistonda hokimiyatga kim saylansa, o’sha tomon bilan ishlashga tayyormiz. O’z manfaatlarimiz, o’zaro manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda, harakat qilaveramiz",- degan edi Rosenblum.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG