Afg'onistonda oilaviy zo'ravonlikka qarshi kurash juda sekin


Afg'oniston shimolida xotin-qizlarga nisbatan zo'ravonliklar oxirigi paytda yanada kuchaygan. Inson huquqlari himoyasi bilan mashg’ul tashkilot va boshqarmalarga ko’ra, bu yili ko’proq jinoyatlar qayd etilgan.

Sabablar - savodsizlik, ishsizlik, nomaqbul urf-odatlar, deydi rasmiylar.

Juzjon, Saripul va Faryob viloyatlarida Inson haqlari bo’yicha erkin tarmoq boshlig'i Mag'firat Samimiy zo'ravonliklar soni oshib borayotganidan xavotir bildirib, “biz endi notinch mintaqalarda ish olib borolmaymiz va voqealar haqida faqat boshqalar orqali bilamiz”,- deydi.

Xavfsizlik muammosi inson huquqlarini himoya qilishni yanada qiyinlashtiradi.

Juzjon viloyatida Xotin-qizlar masalalari bo’yicha boshqarma rahbari Najiba Qurayshiy bu yili 105 zo'ravonlik hollari ro'yxatga olinganini ma'lum qiladi.

Ular orasida 19 voqea “o'zini o'ldirish” bilan yakunlangan.

Ayollar qiynalganida kimga murojaat qilishini, shikoyat yozish yoki muammoni tushuntirishni bilmaydi. Savodsizlikda gap ko’p, deydi faollar.

Zo'ravonlikka duch kelgan ayollar o'z ismlari sir saqlanishini so’raydi. Zo’rlab turmushga berilganini aytadi.

“Hukumat bizning nolalarimizni eshitmaydi”,- deydi ulardan biri.

Oiladagi muammolarni ko’chaga olib chiqmaslik odamlar miyasiga singib ketgan odat.

Qabih jinoyatlar yuz berganida ham miq etmay yashashga o’rganganmiz, deydi afg’onlar. Qayd etilgan holatlar afsuski haqiqatni aks ettirmaydi.

Qizlarni do’pposlash, jinsiy tahqirlash, onalarni urish, jismonan va ruhan qiynash – chuqur ildiz otgan muammolar.

Aslida yuzlab emas, minglab zo’ravonlik hollari yuz bermoqda va bu borada ma’lumot yig’ish, ko’rsatma olish va adolat talab qilish eng murakkab vazifa bo’lib qolmoqda.




XS
SM
MD
LG