Mehnatkashlar kuni: Nyu-Yorkda muhojirlar haqqini talab qilmoqda


Mehnatkashlar kuni: Nyu-Yorkda muhojirlar haqqini talab qilmoqda

Mehnatkashlar kuni: Nyu-Yorkda muhojirlar haqqini talab qilmoqda

Ishsizlik keng quloch yozgan Amerikada bugun Mehnatkashlar kuni. Har yili sentabr oyining birinchi dushanbasida nishonlanadi.

Muxbirimiz Adam Filipsning hikoya qilishicha, ijtimoiy tenglik va mehnatning qadr-qimmatini ulug’lovchi bu bayram bugun ham ahamiyatini yo’qotmagan.

Yaqinda Nyu-York shtatida bir guruh ishchi muhojirlar salmoqli g’alabani qo’lga kiritdi.

Kristin Luis va Jennifer Bernard Nyu-Yorkda mehnat muhojirlari manfaatini himoya qiluvchi tashkilot a’zolari. Shtatda turli hisoblarga ko’ra, 240 minggacha immigrant enaga, xizmatkor va tarbiyachi bo’lib ishlaydi. Aksariyati Amerikada noqonuniy yashayotgan qora tanli ayollar.

Bugun, Mehnatkashlar kunida uyushtirgan namoyishda ular haq-huquqlari himoya qilinishini talab qilmoqda.

Trinidadlik Kristin Luis o’zini ham xizmatkor, ham faol, ham lobbichi deb ataydi. Uning aytishicha, ushbu sanoat chuqur islohotga muhtoj.

Mehnatkashlar kuni: Nyu-Yorkda muhojirlar haqqini talab qilmoqda

Mehnatkashlar kuni: Nyu-Yorkda muhojirlar haqqini talab qilmoqda

1930-yillar Qo’shma Shtatlarda ishchi-mehnatkashlar uyushib, ilk kasaba soyuzlari paydo bo’la boshlagan davr edi.

Iqtisodiyoti qulchilikka asoslangan janubiy shtatlar bu harakatga qarshi chiqib, qora tanli qullar imtiyozlardan mustasno bo’lishini talab qilgan. Ana shu meros bugungacha davom etayapti, deydi Kristin Luis.

“Kun bo’yi qora ter to’kib ishlaymiz. Birovning oshxonasida, qariyalar uyida, boshqa sohalarda. Iqtisodiyotning muhim bo’lagimiz. Oladiganimiz sariq chaqa”, - deydi u.

Zavod yoki fabrika emas, birovning uyida ishlagan odam mehnat haqi, ta’til va byulletenga chiqish, qo’shimcha ish soatlari uchun haq olish masalalarida ko’p hollarda o’ziga tayanadi.

Tarbiyachi bo’lib ishlagan Jennifer Bernard bir ona qo’lida uzoq yil qiynalgani, tahqirlanganini aytadi. Qo’pol muomaladan to’yib, ishini tashlab ketdi, kechirim so’rashmaguncha qaytmadi.

Mehnatkashlar kuni: Nyu-Yorkda muhojirlar haqqini talab qilmoqda

Mehnatkashlar kuni: Nyu-Yorkda muhojirlar haqqini talab qilmoqda

“Nima bo’lganini mahalladagi dugonalarimga aytib berdim. Sizni hurmat qilishlarini istasangiz, avvalo o’zingizni qadrlashni o’rganing. Ko’pchilik ishidan qo’rqadi, haydalsamchi deb gapini ichiga yutadi. Men bu haqda o’ylaganim yo’q, hurmatimni joyiga qo’ying deb talab qildim”.

Uy Xizmatkorlari uyushmasi Nyu-Yorkda ana shunday ommaviy chiqishlar uyushtirib, shtat rahbarlari e’tiborini qaratmoqda.

Tashkilot direktori Prissila Gonzalezning aytishicha, deportatsiya bo’lishdan qo’rqib ko’pchilik chetroqda yurishni afzal biladi.

“Agar hujjatlari joyida bo’lmasa, ularni ekspluatatsiya qilish oson. Ish beruvchi bir tiyin to’lamay, qul qilib ishlatgan, organlarga xabar beraman deb qo’rqitgan hollar ko’p uchraydi”, - deydi Gonzalez.

O’tgan yili Nyu-York ishchi muhojirlar himoyasiga qaratilgan qonun qabul qildi. Uyushma uchun bu katta g’alaba. Lekin oradan qariyb bir yil o’tib ham bu hujjat haqida ko’pchilik bilmaydi.

“Jamoa bo’lib harakat qilsak ko’p narsaga erishish mumkin. Qonun hamma uchun bir. Talab va me’yorlar belgilangan hujjatni targ’ib qilishga zo’r berayamiz”.

XS
SM
MD
LG