Donald Tramp: Ko'chmas mulk biznesidan prezidentlikka

  • Amerika Ovozi

Milliarder tadbirkor Donald Tramp o’nlab raqiblaridan ustun kelib, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod bo’ldi. Bugungi saylovda u demokratlar nomzodi, sobiq davlat kotibi Hillari Klinton bilan bellashadi. Siyosatda tajribasiz bir biznesmenning yirik partiya nomzodiga aylangani AQSh tarixida kutilmagan holat. Donald Tramp bosib o’tgan yo’lga nazar tashlasak.

Aholining deyarli har bir qatlamini haqorat qilgan bir shaxs nomzod bo’ladi, deb hech kim o’ylamagan edi.

70 yoshli Tramp, deydi ba’zilar, yetti yoshidan buyon ko’p o’zgarmagan. Nyu-Yorkning Kvins rayonida tu’gilgan Donald “Jamaica Estates” nomli boy mahallada ulg’aydi. Besh farzanddan to’rtinchisi. Otasining ham qurilish kompaniyasi bo’lgan.

“Otasi oilada qattiqqo’l, talabchan bir odam bo’lgan. Albatta, uning fe’l-atvori Donaldga ham o’tgan”, - deydi tahlilchi Bart Rossi.

1968-yil Donald Tramp mashhur Vorton moliya maktabini tamomladi. Kvins va Bruklinda otasining qurilish loyihalarida qatnashib, so'ng Manhettenga ko'z tikdi.

O’sha paytlar Bruklin ko’prigining narigi tomonidagi shaharda ishlash qiyin edi: jinoyatchilik yuqori va shahar kelajagi mavhum bo’lgan. Ammo Tramp otasi orqali yangi biznes hamkorlar orttirdi. Shu orqali bir million dollarlik o’z kompaniyasiga asos soldi.

“Bu mamlakatda ko’chmas mulk bo’yicha eng katta bozor Nyu-Yorkda. Tramp o’rtamiyona o’yinchi bo’lgan. Tashqaridan qaralsa, uning muvaffaqiyati ham o’rtacha: ba’zan muvafafqiyat qozongan, ba’zan yo’q”, - deydi iqtisodchi Kristofer Leynberger.

70-yillarda Adliya vazirligi Tramp tashkilotini uy-joy berishda ayirmachilikka yo’l qo’yganlikda aybladi. Tramp ishni sudgacha bormasdan hal qildi.

Keyinroq Tramp bankrotga uchragan katta mehmonxonani sotib olib, 70 million dollar qarz oldi va “Grand Hyatt Hotel” deb nomlangan yangi koshona qurib, davlatdan soliq imtiyozi oldi.

Uning eng mashhur loyihasi kvartira va do’konlardan iborat 200 million dollarlik Tramp minorasidir. U 58 qavatli bino va 18 metrli favvoraga ega.

Tramp Nyu-Jersining Atlantik-Siti shahrida Tramp Plaza va Tramp qal’asi nomli qimorxonalar ham qurgan. Qariyb bir milliard dollarlik Toj Mahal koshonasi bankrot bo’lgan.

1990-yil ko’chmas mulk bozori inqirozga yuz tutgach, Tramp imperiyasining qiymati 1,7 mlrd. dollardan 500 million dollarga tushib ketdi. Bankrotlikdan qutilib qolish uchun u qarz oldi va yangi sarmoyadorlar topdi.

U uch farzandining onasi, birinchi xotini Ivanka bilan ajrashib, keyinroq Marla Maplesga uylandi. U bilan ham ajrashib, sloveniyalik model Melania bilan 2005-yil turmush qurdi.

“Shogird” reality-shousi uni yulduzga aylantirdi. Bu ko’rsatuvda ishtirokchilar Tramp tashkilotida menejerlik lavozimi uchun kurash olib boradi. Yutqazganlar ishdan haydaladi.

Shoudan Tramp 200 million dollar daromad qilgan.

U siyosatga 80-yillardan qiziqa boshladi. Dastlab Islohot partiyasiga qo’shildi, so’ng mustaqil siyosatchiga aylandi. 2012-yil o’zini respublikachi deb e’lon qilib, o’tgan yili prezidentlik uchun nomzodini qo’ydi.

“AQSh prezidentligi uchun rasman kurash olib boraman”, - dedi u.

Tramp bahsli fikrlari bilan mashhur.

“Meksika bizga eng yaxshi odamlarini jo’natmayapti. Ular muammoli odamlarni yuboryapti va ular bizga ko’p muammolar olib kelyapti. Giyohvand moddalar, jinoyatchilik olib kelishyapti. Ular ayollarni zo’rlaydi. Ayrimlari yaxshi odam bo’lishi ham mumkin”, - degan edi u eng bahsli chiqishlaridan birida.

Meksika chegarasida devor qurish, musulmonlarni AQShga kiritmaslik kabi takliflari ham shov-shuvlarga sabab bo’ldi. Shunga qaramay, uning respublikachilar orasida dovrug’i oshib bordi.

“Ko’plab odamlar ish joylarini boy berdi, uysizga aylandi. Tramp ko’p ish o’rinlarini yaratadi”, - deydi tarafdorlaridan biri.

“Ulkan g’alaba qozonamiz, Amerika, shunga tayyor tur”, - deydi yana bir tarafdori.

“Ular 15-20 yildan beri asosiy partiyalar e’tibor bermagan odamlar. Bu saylovchilar nihoyat kimdir ular tarafida ekanini ko’rmoqda”, - deydi tahlilchi Henri Olson.

Bu yilgi saylov Amerika tarixidagi eng bahsli tomosha bo’lishi kutilyapti.

Noan’anaviy respublikachi Donald Tramp sobiq davlat kotibi va sobiq prezidentning rafiqasi Hillari Klintonga qarshi kurash olib bormoqda. Hech kim bu ikki nomzod bir-biri bilan yuzlashishini kutmagan edi.

AQSh prezidentligi saylovi natijalarini jonli blogimizda kuzatib boring.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG