Demokratlar noqonuniy muhojirlar orzusiga sherik, ammo respublikachilar qarshi

  • Amerika Ovozi

Demokratlar noqonuniy muhojirlar orzusiga sherik, ammo respublikachilar qarshi

Demokratlar noqonuniy muhojirlar orzusiga sherik, ammo respublikachilar qarshi

AQSh Senatidagi demokratlar "Orzu" deb nomlangan qonun loyihasini tasdiqlatishga yana bir bor harakat qilmoqda. Hujjat noqonuniy muhojirlarning Amerikaga bolaligida kelgan farzandlari uchun fuqarolikka yo'l ochadi. Buning uchun ular jinoyat sodir etmasligi, o'rta maktabni tamomlab, oliy o'quv yurtiga kirish yoki armiyaga yollanish arafasida bo'lishi kerak. Biroq respublikachilar qonun loyihasini qo'llab-quvvatlamayapti.

Senatda ushbu hujjatga doir tinglov o'tkazilar ekan, unda yosh noqonuniy muhojirlar ham qatnashdi. Loyiha qonunga aylanmasa, aksariyati deportatsiya qilinishi mumkin. Illinoys shtatidan saylangan demokrat-senator Dik Durbin so'nggi 10 yildan beri loyihani Kongress tasdig'idan o'tkazishga harakat qiladi.

"Mana shu xonada Amerika kelajagini ko'ryapman. Bu yoshlar orasida bo'lajak shifokorlar, muallimlar, muhandislar, olimlar, askarlar, qonunchilar, va balki Amerika prezidenti ham bordir. Ularning arosatda qolishiga bu yoshlarning zarracha aybi yo'q. Ular bizdan imkoniyat so'ramoqda. Qonunchi hamkasblarimdan ularning taqdiriga e'tiborliroq bo'lishni so'rayman",- deydi Durbin.

Ola Kaso asli albaniyalik. Hozir Michigan shtatida yashaydi. O'rta maktabni shu yili tamomladi. Amerikada o'qimoqchi yoki armiya safida xizmat qilmoqchi bo'lgan ko'plab noqonuniy muhojirlar bor, deydi u.

"Amerikaga besh yoshimda kelganman. Shu yerda ulg'aydim. Suyak-suyagimgacha amerikalik bo'lib qolganman. Menga o'xshab Amerikada qolishni orzu qilayotganlar minglarcha. Mana shu xonaning o'zida yuzlab shunday yoshlarni ko'rasiz. Biz ham o'zimiz sevgan shu yurt rivojiga hissamizni qo'shishni istaymiz", - deydi Ola Kaso.

Senat qonun loyihasini qabul qilmasa, meni bir yilda deportatsiya qilishadi, deydi bu qiz. Uning aytishicha, bir necha universitet Ola Kasoga bepul o'qishni taklif qilgan. Men jarroh bo'lmoqchiman, rakka chalingan kasallarni davolamoqchiman, deydi u.

Prezident Obama "Orzu" qonun loyihasini qo'llab-quvvatlaydi. Senatdagi tinglovda Oq Uydan bir necha vakil qatnashdi. Mudofaa vazirining o'rinbosari Klifford Stanlining aytishicha, qonun qabul qilinsa, armiyaga qo'shimcha askar yollash mumkin bo'ladi. Huquq-tartibot organlarida esa resurslarini xavfli noqonuniy muhojirlarga qaratishga imkon tug'iladi.

Ichki xavfsizlik vazirasi Janet Napolitano nazarida Amerika jamiyati taraqqiyotiga hissasini qo'shmoqchi bo'lgan yoshlar uchun sharoit yaratish zarur.

"Sara muhojir yoshlargina qonunga muvofiq fuqaro bo'la olishi mumkin. Ahloqi yaxshi, sudlanmagan, iqtidorli bo'lishlari kerak. Jamoatchilikka, milliy xavfsizlikka xavf tug'dirmasliklari lozim", - deydi vazira.

Ta'lim vaziri Arne Danken qonunning moliyaviy foydasi haqida so'zlar ekan, 10 yilda davlat g'aznasiga 1,4 milliard dollar tushadi va bu pulni 14 trillion dollarlik byudjet kamomadini yopishga sarflash mumkin, deydi. Mamlakatda iqtidorli tadbirkorlarning aksariyati muhojir, deydi ta'lim vaziri.

"Kompyuter texnologiyalari sohasida ish boshlagan kompaniyalarning choragiga muhojirlar asos solgani haqida statistik ma'lumotlar bor. Bizga bunday talantlar suv bilan havodek zarur. Mamlakatni olg'a yurg'izish kerak. Buning uchun ana shunday yoshlar yordamiga tayanish lozim", - deydi vazir Danken.

Demokratlar, Oq Uy rasmiylari va muhojirlar qonun loyihasining ijobiy tomonlari haqida gapirayotgan bir paytda tinglovda ishtirok etgan respublikachi senatorlar nazarida demokratlar ushbu hujjat yordamida latino saylovchilarni o'z tomoniga og'dirmoqchi.

Jon Kornin deydiki, hujjat noqonuniy immigratsiyaga qarshi kurashmaydi. Aksincha, boshqalarga noqonuniy yo'l bilan Amerikaga kelishiga sharoit yaratmoqda, xolos.

Respublikachilarning yana bir xavotiri shuki, noqonuniy muhojirlarga hujjat berilsa, amerikaliklarning ish va o'qishga kirishida raqobat kuchayadi.

Qonun loyihasi dekabr oyida Kongress Vakillar Palatasi demokratlar qo'lida bo'lgan payt qabul qilingan edi, ammo Senatdan o'tmagan. Palatani hozir respublikachilar nazorat etar ekan, loyihaning qonunga aylanishi yanada qiyinlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG